Vatanga sadoqat saboqlari
Vatanga muhabbat, yurt tinchligiga daxldorlik va el-yurt oldidagi mas’uliyat tuyg‘usi avloddan-avlodga o‘tib, hayotiy tajriba bilan sayqallanib boradi. Mirzaobod tumanidagi Safarbarlik chaqiruv rezervi batalionida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” ham ana shu ezgu an’ananing amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori hamda “Vatan uchun xizmat — eng oliy baxt” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan tadbirda hayotiy tajribaga ega faxriylar, harbiy xizmatchilar va yoshlar bir davrada jamlandi.

Uchrashuv Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashi, Sirdaryo viloyati Mudofaa ishlari boshqarmasi Faxriylar kengashi, Mudofaa vazirligi Jamoatchilik kengashi hamda Sirdaryo viloyati Nuroniylar jamg‘armasi hamkorligida tashkil etildi.

Samimiy muloqot davomida Vatan himoyasi, harbiy xizmatning sharafi va mas’uliyati, yoshlarning yurt taqdiridagi o‘rni, milliy g‘urur va fidoyilik kabi tushunchalar xususida fikr almashildi. Faxriylar o‘zlarining boy hayotiy va xizmat tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yoshlarga har qanday yutuq zamirida intizom, sabr-matonat, mehnatsevarlik va maqsadga qat’iy intilish turishini ta’kidladilar. Ayniqsa, Vatan himoyachisi bo‘lish nafaqat harbiy libos kiyish yoki xizmat vazifasini bajarish, balki yurt taqdiriga mas’uliyat bilan qarash, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, zarur paytda el-yurt himoyasiga tayyor turish ekani xususida fikrlar bildirildi.

— Bugun Mirzaoboddagi harbiy qismida o‘tkazilgan “Uch avlod uchrashuvi”ning ahamiyati shundaki, bunday muloqotlarda hayotiy tajriba bilan yoshlik g‘ayrati bir nuqtada tutashadi. Faxriylar o‘z hayot yo‘li, mehnat va xizmat yillarida orttirgan tajribalarini yoshlar bilan baham ko‘radi. Bu esa yosh avlod uchun tayyor hayotiy saboqdir. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar bilan muloqot jarayonida Vatanga sadoqat, burch va mas’uliyat, intizom hamda mardlik kabi fazilatlarning mohiyati yanada teran anglanadi.
Bugun yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini asrash, uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Shu ma’noda, avlodlar o‘rtasidagi bunday samimiy uchrashuvlar yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy g‘urur va fidoyilik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, keksalarning hayotiy tajribasi — yoshlar uchun yo‘l ko‘rsatuvchi ma’naviy maktabdir, — deydi Faxriy jurnalist, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, mahalla faoli Jumaboy Qosimov.

Tadbirda yoshlarning fikr va savollariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ular faxriylar va harbiy xizmatchilar bilan ochiq muloqot qilib, harbiy xizmat, kasb tanlash, hayotda o‘z o‘rnini topish, intizom va mas’uliyat haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bu kabi muloqotlar yoshlarning mustaqil fikrlash qobiliyatini oshirish, hayotiy maqsadlarini aniq belgilash va o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishiga turtki beradi.

— Bugungi “Uch avlod uchrashuvi” yoshlar uchun katta hayotiy maktab vazifasini o‘tamoqda. Yosh avlodning Vatanga sadoqati, yurt taqdiriga daxldorlik hissi va fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishda faxriylar, harbiy xizmatchilar va nuroniylarning hayotiy tajribasi muhim o‘rin tutadi. Bunday uchrashuvlarda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olib, xizmat va hayot yo‘lida zarur bo‘ladigan saboqlarni o‘zlashtiradilar. Ayniqsa, harbiy xizmatda intizom, matonat, mas’uliyat va Vatanga sadoqat kabi fazilatlar alohida ahamiyatga ega. Biz yoshlar bilan ishlashda ana shu tushunchalarni ularning qalbiga singdirishga, Vatan himoyasi muqaddas burch ekanini chuqur anglatishga harakat qilmoqdamiz. Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarning harbiy xizmatga qiziqishini oshirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash va faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati kengashining harbiy qism va muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘limi boshlig‘i, kapitan Furqatjon Azimov.

Uchrashuvning badiiy qismi ham tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi. Harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan vatanparvarlik ruhidagi kuy-qo‘shiqlar, dilbar navolar va sahna chiqishlari tadbirga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. San’at orqali Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va milliy g‘urur tuyg‘ulari yanada ta’sirchan ifoda etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri