Shirinda jajji bolajonlarning sunnat to‘yi o‘tkazildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Shirin shahrida mehr-oqibat, saxovat va ezgulikni o‘zida mujassam etgan xayrli tadbir tashkil etildi.
Shahar hokimligi tashabbusi bilan “Fazo” tantanalar uyida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 20 nafar farzandi uchun tantanali sunnat to‘yi o‘tkazildi. Ushbu ezgu tashabbusni tashkil etishda Sirdaryo IES korxonasi hamda saxovatpesha homiylar ham munosib hissa qo‘shdilar.
Shodiyonada bolajonlar, ularning ota-onalari, yaqinlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda Shirin shahar hokimi Dilfuza Kambarova ishtirok etib, bolajonlarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi.

— Bugungi shodiyona nafaqat bolajonlar, balki ularning ota-onalari uchun ham unutilmas quvonchli kun. Farzandlarimizning sog‘lom va baxtli ulg‘ayishi, sifatli ta’lim olishi, kelajakda yurtimizga munosib insonlar bo‘lib yetishishi barchamizning ezgu niyatimizdir, — dedi shahar hokimi.
Tadbir davomida bolajonlarga turli sovg‘alar topshirilib, ularning quvonchiga quvonch qo‘shildi. Sahnada yangragan dilbar kuy-qo‘shiqlar, quvnoq raqslar va turli ko‘ngilochar dasturlar bolajonlar va mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Ayniqsa, sunnat to‘yi egalari bo‘lgan bolajonlarning shodligi, ularning beg‘ubor tabassumi va quvonchi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi. Ota-onalar esa farzandlarining baxtiga sherik bo‘lib, bu unutilmas kundan mamnun ekanliklarini bildirdi.

Bunday xayrli tadbirlar jamiyatda mehr-oqibat va insonparvarlik muhitini mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, bolajonlarga bayramona kayfiyat ulashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik bayrami arafasida o‘tkazilgan ushbu shodiyona ham ezgulik va saxovatning yorqin ifodasi bo‘ldi. 20 nafar bolajonning quvonchiga quvonch qo‘shgan bu kun ularning xotirasida uzoq yillar davomida iliq xotira bo‘lib saqlanishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri