Ekologik aksiyalar ko‘lami kengayib bormoqda
Jizzax viloyatida o‘tkazilgan ekologik aksiyalar bugungi kunda joylarda shakllangan ezgu an’analarning mantiqiy davomi sifatida ahamiyat kasb etmoqda. “Har bir qadam — tabiatga malham!” shiori ostida tashkil etilgan plogging tadbiri nafaqat mahalliy aholi, balki keng jamoatchilikni ekologik madaniyatni yuksaltirishga chorlayotgan amaliy harakatlardan biridir.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyati kengashi hamda Sharof Rashidov tumanidagi 5-, 22- va 48-sonli umumta’lim maktablari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur aksiya Kuyovboshi, Dehqonobod hamda Yangi diyor mahallalari hududidagi adirliklarda tashkil etildi. Unda 150 nafarga yaqin ekofaollar ishtirok etishib, hududni chiqindilardan tozalash, atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil hududlarni asrash borasida amaliy ishlar olib borishdi.
Muhimi, bunday tadbirlar yangi tashabbus sifatida emas, balki yurtimizda so‘nggi yillarda izchil yo‘lga qo‘yilgan ekologik harakatlarning uzviy davomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda ushbu mahalla va ta’lim muassasalari faol ishtirok etgan xayriya va ekologiyaga yo‘naltirilgan ishlar viloyatning boshqa hududlarida ham qo‘llab-quvvatlanib, turli mahallalar va yoshlar tomonidan shunday aksiyalar muntazam tashkil etilmoqda.

Bu kabi tashabbuslar mamlakatimizda qabul qilingan strategik hujjatlar mazmun-mohiyati bilan hamohangdir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonida ekologik barqarorlikni ta’minlash, aholining ekologik madaniyatini oshirish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan. Jizzaxdagi mazkur tadbirlar ana shu maqsadlarning amaldagi ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, davlat rahbarining 2023-yil 30-martdagi “Aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joylarda jamoatchilik ishtirokidagi ekologik aksiyalar ko‘lami kengayib bormoqda.
Plogging — sport va ekologiyani uyg‘unlashtirgan zamonaviy harakat bo‘lib, yugurish yoki piyoda yurish jarayonida chiqindilarni yig‘ish orqali atrof-muhitni tozalashga qaratilgan. Jizzaxdagi tadbir ham aynan shu g‘oyani ilgari surib, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va tabiatga ehtiyotkor munosabatni shakllantirishga xizmat qildi.
Tadbir ishtirokchilari hududni tozalash bilan birga ekologik targ‘ibot ishlarini ham olib borishdi. Bu esa aholi o‘rtasida ekologik ong va mas’uliyatni oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Aslida, bunday tashabbuslarning qiymati ularning qayerda boshlanganida emas, balki qanchalik keng qo‘llab-quvvatlanayotganida namoyon bo‘ladi. Jizzaxdagi aksiyalar ham shu jihatdan ibratli: ular jamoatchilikni birlashtirib, tabiatni asrashni umummilliy harakat darajasiga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Zero, tabiatni muhofaza qilish — bu faqat bir kunlik tadbir emas, balki har bir insonning kundalik hayot tarziga aylanishi zarur bo‘lgan ustuvor vazifadir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri