Do‘ppi, atlas va milliy qadriyatlarimiz Kaliforniyada namoyish etildi
AQSHning Kupertino shahrida o‘tkazilgan “Kids’N Fun Festival”da o‘zbek diasporasi yurtimiz madaniyati va an’analarini keng namoyish etdi.
Dunyoning 20 ga yaqin mamlakati ishtirok etgan festivalda O‘zbekiston paviloni o‘zining milliyligi va rang-barangligi bilan mehmonlar e’tiborini tortdi. Do‘ppilar, milliy liboslar, xonatlas va atlas matolar, amaliy san’at namunalari — bularning barchasi pavilonga o‘zbekona fayz bag‘ishladi.

Ayniqsa, bolalarning qiziqishi yuqori bo‘ldi. Ular o‘zbek milliy liboslari, urf-odatlari va hunarmandchilik namunalari bilan tanishdi. Mehmonlarga O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy madaniy merosi, go‘zal shaharlari va sayyohlik maskanlari haqida ham ma’lumot berildi.

Tadbirda faol ishtirok etgan Shimoliy Kaliforniyadagi o‘zbek jamoatchiligi markazi vakillari o‘zbek madaniyatini xorijda targ‘ib etish bilan birga, turli millat vakillari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlashga hissa qo‘shdi.
Zero, milliy qadriyatlar chegara bilmaydi. Bir do‘ppi, bir atlas mato yoki milliy taom ortida butun bir xalqning tarixi, mehri va madaniyati mujassam. Kaliforniyadagi ushbu festival ham o‘zbekona qadriyatlarni dunyoning turli burchaklarida yanada keng tanitish uchun o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA