“Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans sari!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligini munosib kutib olish hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyida Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston — Uchinchi Renessans sari!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazildi.
Tadbirda “O‘zbekiston xalq shoiri” Iqbol Mirzo, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” Muhammad-Ali Ahmedov, tarix fanlari doktori, professor Abdumajid Madraimov, shuningdek, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, muzey xodimlari, harbiy xizmatchilar, taniqli ijodkorlar hamda olimlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida Uchinchi Renessans g‘oyasining mazmun-mohiyati, buyuk ajdodlarning ilmiy va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, uni yosh avlodga yetkazish hamda Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’ruzalarda Sohibqiron Amir Temurning davlat boshqaruvi va bunyodkorlik faoliyati, shuningdek, Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat ravnaq topgani haqida fikrlar bildirildi. Ma’naviy-ma’rifiy tadbir tarixiy merosni o‘rganish, ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy tajribasini yosh avlod ongiga yetkazish, milliy g‘urur va tarixiy xotirani mustahkamlashga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar Temuriylar tarixi davlat muzeyining yangilangan ekspozitsiyalari va tarixiy eksponatlari bilan yaqindan tanishdilar. Mazkur tashrif Sohibqiron Amir Temur va Temuriylar davri tarixini yanada chuqurroq anglash, tarixiy-madaniy merosga hurmatni oshirish hamda Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qildi.
Mehrojiddin Umurzaqov, Doniyor Yakubov, O‘zA