Deputatlar qo‘lida “yashil karta” bilan saylovchilar huzurida bo‘ldi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish avvalida fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev fraksiya a’zolarining shu yil 24-28-mart kunlari saylov okruglaridagi faoliyati haqida to‘xtalar ekan, deputatlar tomonidan ilk bor “Tashabbusli byudjet” doirasida joylarda g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan muhim loyihalar tanlab olinganiga e’tibor qaratdi:

– Bu galgi uchrashuvlar har qachongidan-da natijadorligi bilan ajralib turdi, biz deputatlar qo‘limizda “yashil karta” bilan hududlarga bordik. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Tashabbusli byudjet” jarayonida deputatlarning ishtirokiga oid joriy qilingan amaliyot joylarda qo‘llanilgan holda ko‘plab loyihalarga qayta jon kiritildi. Jumladan, fraksiyamiz a’zolarining tashabbusi bilan qariyb jami 26 milliardga yaqin mablag‘lar muayyan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Bu amaliy natijalardan aholi vakillari mamnun bo‘lishi barobarida biz deputatlar ham juda xursand bo‘lib qaytdik. Ushbu tashabbus deputatlarga nisbatan saylovchilarning ishonchi yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda, – dedi A.Hamzayev.

Shuningdek, fraksiya rahbari 23-mart kuni Prezidentimizning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan tanishish jarayoni haqida to‘xtalib, bugun ekologik huquq eng ustuvor huquqlarimizdan biriga aylanganini qayd etdi. Bu borada partiya oldida turgan vazifalar, shu bilan birga, havo sifatini saqlash bo‘yicha partiya va fraksiya tomonidan amalga oshirilayotgan, rejalashtirilgan ishlar to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Yig‘ilishda “Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, qurilish jarayonida xavfsizlik talablarini yanada kuchaytirish maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan ko‘p kvartirali uylarni Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Fraksiya a’zolari bir qator savollarni o‘rtaga tashladi va tegishli javoblar olindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA