Eksport tartib-taomillari JST qoidalariga muvofiqlashtirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida dastlab 26-27-mart kunlari Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifining ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etilganidek, mazkur tashrif ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashda muhim bosqich bo‘ldi. Ayniqsa, oliy darajadagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishi hamkorlikni yangi pog‘onaga olib chiqishi ta’kidlandi.
Deputatlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga alohida e’tibor qaratdi. Shu bilan birga, 2030-yilgacha o‘zaro savdo hajmini sezilarli oshirish rejalari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Shuningdek, imzolangan qator hujjatlar, jumladan, qo‘shma bayonot, sohalar kesimidagi kelishuvlar va “yo‘l xaritalari”ning amaliy ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi. Ularning ijrosi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashi qayd etildi.
Fraksiya a’zolarining ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlarining ushbu uchrashuvi savdo hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, transport va energetika sohalarida barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik va ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa nafaqat O‘zbekiston va Tojikiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror taraqqiyot uchun mustahkam asos yaratadi.
Yig‘ilishda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasi bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qarorlariga binoan olib chiqiladigan buyumlar va mahsulotlarni eksport qilishga doir ruxsatnoma berish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Ta’kidlanganidek, belgilanayotgan normalar mahsulotlar eksportini kengaytirish, eksportdagi mavjud cheklovlarni bartaraf etish, raqobat va ochiq bozor muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA