Hududlarda natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modeli joriy etiladi
Davlatimiz rahbarining “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va xorijiy mutaxassislar hamkorligida seminar tashkil etildi.
Unda “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimlarining ijtimoiy sohada faoliyat yuritayotgan o‘rinbosarlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.

O‘quv jarayonida yangi o‘sish nuqtalari va ishga solinmagan zaxiralarni aniqlash, ijtimoiy sohani hududning drayver yo‘nalishlari qatoriga qo‘shish, o‘zlashtirilgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish orqali hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlat xizmati va xususiy sektor o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tumanlarning o‘ziga xos rivojlanish modellari va muvaffaqiyatli boshqaruv tajribalarini ommalashtirishga e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy infratuzilmani “master-reja”lar asosida rivojlantirish, boshqaruvga raqamli yechimlarni tatbiq etish hamda rahbarlarning shaxsiy javobgarligini oshirish masalalari bo‘yicha xalqaro modellar ham tahlil qilindi.

Nazariy bilimlar amaliyot bilan uyg‘unlashtirildi. Ishtirokchilar mamlakatimizdagi yirik loyihalar – “Olimpiya shaharchasi”, Milliy tibbiyot markazi, "Yangi O‘zbekiston" universiteti, Islom sivilizatsiyasi markazi va “IT Park Uzbekistan” misolida zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini bevosita joyiga chiqib, ular bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Tinglovchilarning fikricha, mazkur dastur hududlarning yangi “o‘sish nuqtalari”ni maqsadli aniqlash va natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv modelini joriy etishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Dastur yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirilib, o‘rganilgan zamonaviy modellarni hududlarda samarali tatbiq etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA