Davlat xizmatlari markazlarida “Kadastr maslahat burchagi” tashkil etildi
Yurtimizda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish, sohani raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish hamda shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Ilgari kadastr asosan texnik hisobga olish vositasi sifatida qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda u mulkiy munosabatlar barqarorligini ta’minlovchi huquqiy institutga aylandi.
– “Zamonaviy kadastr xizmatlari – inson manfaatlari uchun” g‘oyasi bugun nafaqat shior, balki sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning bosh mezoniga aylanmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Abdulaziz Yunusov. – Joriy yilning 4-avgust kuni davlatimiz rahbari Kadastr agentligi faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish, aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan xizmatlarni soddalashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishib, unda mas’ullarga aholi sarson bo‘lmasligi uchun “Kadastr maslahat burchagi”ni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi.

Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Davlat kadastrlari palatasi Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan poytaxtimizda joylashgan Davlat xizmatlari markazlarida “Kadastr maslahat burchagi” tashkil etildi. Buning uchun eng avvalo, kadastr sohasida yetarli bilim va amaliy tajribaga ega mas’ul xodimlar saralab olindi. Kadastr maslahat burchagi zarur texnika, internet tarmog‘i, axborot stendlari, bukletlar, yo‘riqnomalar va QR-kodlar orqali elektron xizmatlarga yo‘naltiruvchi ma’lumotlar bilan ta’minlandi.
Fuqarolarga kadastr sohasidagi davlat xizmatlaridan foydalanish, hujjatlarni rasmiylashtirish, elektron ariza va so‘rovlarni yuborish hamda murojaat holatini kuzatish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Mazkur jarayonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalariga ustuvor tartibda xizmat ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ba’zan fuqarolar tomonidan kadastr xizmatiga ariza topshirish jarayonida ayrim xatolarga yo‘l qo‘yilishi tufayli hujjatlarni qayta topshirish hamda vaqt yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. “Kadastr maslahat burchagi” mana shunday holatlarning oldini olib, murojaatchining vaqti va naqdini tejab, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda davlat xizmatlari markazlarida tashkil etilgan maslahat burchagi orqali murojaatchilar ko‘chmas mulk va yer uchastkalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, shuningdek, elektron davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga malakali mutaxassislardan to‘liq va ishonchli ma’lumotga ega bo‘lmoqda.

Eng muhimi, oddiy insonlarning mushkuli oson bo‘lmoqda. Ortiqcha ovoragarchilik va sarsongarchilikka barham berilmoqda. Bunday e’tibor va qulayliklardan mamnun bo‘lgan fuqarolar Prezidentimizga o‘z minnatdorliklarini bildirmoqda.
– Davlatimiz rahbari tomonidan Kadastr masalasi bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish o‘zining amaliy natijalarini bera boshladi, – dedi “Kadastr maslahat burchagi”dan foydalanish uchun kelgan fuqaro Abduhalim Hamidov. – Tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yib, firma tashkil qilganimga 36 yil bo‘ldi. Ish boshlagan vaqtlarim bilan bugungi kunni solishtirsak, farqi juda katta. Hozir ko‘pgina yengilliklar bor. Kadastr sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar ancha harakatchan, mehnatkash. Yangi O‘zbekistonga mos kadrlar deb bilaman.

– Prezidentimiz tomonidan kadastr sohasini rivojlantirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi qisqa vaqt ichida ijobiy natijasini bera boshladi, – dedi Nargiza Usmonova. – Kuzatishlarimdan kelib chiqib ayta olamanki, xizmat ko‘rsatish sifati tobora yaxshilanib bormoqda. Davlat xizmatlaridan foydalanish qulay bo‘lib, muddatlar qisqaryapti. Oldin kelib xizmatdan shundoq foydalanardik. Hozir aholiga qulaylik yaratish uchun “Kadastr maslahat burchagi” tashkil qilinib, alohida xodim ham biriktirib berishibdi. Xodimlar bilan gaplashdim, menga yaqindan yordam berishdi. Ishlarimiz ancha tez hal bo‘lmoqda. Bu kadastr sohasidagi ijobiy o‘zgarishlardan biri deb bilaman.

– Men davlat xizmatlari markaziga kadastr pasportini yangilash uchun keldim, – dedi Damira Stashova. – Mas’ul mutaxassis mavjud talablarni tushuntirdi va shu kunning o‘zida ariza topshirdim. Bu kabi xizmatlardan har bir fuqaro qaysi hududda yashashidan qat’i nazar o‘ziga yaqin va qulay joylashgan davlat xizmatlari markazi yoki bo‘lmasa uydan chiqmasdan turib masofadan elektron tarzda foydalanishi mumkin ekan. Xizmat ko‘rsatish muddatlarining qisqarayotgani, arizalarning o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazorat hamda tizim raqamlashtirilayotgani aholi uchun juda katta qulaylik yaratmoqda.
Darhaqiqat, “Kadastr maslahat burchagi” inson qadri, uning vaqti va manfaatini asrash yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA