BRB Korporativ universiteti loyihasi taqdimot qilindi
Toshkent shahridagi “Interkontinental Toshkent” mehmonxonasida “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini ommalashtirish hamda tadbirkorlik muhitini mustahkamlashga qaratilgan muhim tashabbus – BRB Korporativ universiteti loyihasining tantanali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur strategik loyiha biznes-ta’lim sohasida jahonning yetakchilaridan biri – SKOLKOVO Moskva boshqaruv maktabi bilan hamkorlikda, milliy xususiyatlar va hududlardagi real biznes vazifalaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston milliy rivojlanish instituti sifatida barpo etilmoqda.
Bugungi kunda kichik va o‘rta biznes O‘zbekiston iqtisodiyotining haqiqiy lokomotivi hisoblanadi. Ushbu soha mamlakat YAIMning 54,3 foizini shakllantirib, unda 10,5 milliondan ortiq yurtdoshimiz mehnat qilmoqda. Shuningdek, har yili mehnat bozoriga 600 mingga yaqin shijoatli yoshlar kirib kelmoqda.
Zamon talabi o‘zgarishi bilan tadbirkorlarga faqatgina moliyaviy resurs yoki kredit emas, balki to‘g‘ri boshqaruv qarorlari, bozor kon’yunkturasini chuqur anglash va raqamli ko‘nikmalar suv bilan havodek zarurdir. Korporativ universitet ana shu ehtiyojlarni qoplash va O‘zbekistonning barqaror iqtisodiy kelajagini ta’minlash maqsadida tashkil etiladi.
Universitet bir vaqtning o‘zida ham ichki (bank xodimlari), ham tashqi (mijozlar va tadbirkorlar) auditoriya bilan birday ishlaydigan yagona rivojlanish muhitini yaratadi.
Universitet faoliyatining hozirda rejalashtirilayotgan ustuvor yo‘nalishlari:
Zamonaviy texnologiyalar: Raqamli transformatsiya, sun’iy intellektni joriy etish hamda zamonaviy boshqaruv yondashuvlari (Lean, Kaizen, Agile).
Biznesni qo‘llab-quvvatlash: Kichik va o‘rta biznes vakillarini o‘qitish, biznesni masshtab canlashtirish, marketing, eksport va e-commerce (elektron tijorat) yo‘nalishlari.
Startaplar va Innovatsiyalar: BRB Startup Hub (BRB Startap Hab) orqali istiqbolli biznes g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash.
Ijtimoiy mas’uliyat: Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish.
Bank transformatsiyasi: Bank xodimlarida tadbirkorlik tafakkuri, raqamli savodxonlik va mijozlar bilan ishlash kompetensiyalarini rivojlantirish.
Bilimlarni yuqori darajada yetkazish uchun Bankning kuchli mutaxassislari va rahbarlaridan iborat Ichki ekspertlar (mentor va ustozlar) bazasi shakllantiriladi.
Bank Axborot xizmati
Reklama