Kasbiy malakani oshirish yuzasidan seminar
Nukusda “Ommaviy axborot vositalarida sud organlari faoliyati va sud jarayonlarini yoritishda jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida faoliyat yuritayotgan jurnalist hamda blogerlar uchun tashkil etilgan mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar muvofiqlashtiruvchisi ofisi hamda Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etildi.

Seminar-trening doirasida xorijiy ekspertlar tomonidan sud va huquqiy reportajlarni tayyorlashning zamonaviy usullari, huquqiy reportajlarning maqsadi va dolzarbligi, jamoatchilik fikrini shakllantirishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda ochiq va odil sudlov tamoyillari haqida ma’ruzalar taqdim etildi.

Shuningdek, huquqiy yoritishda axloqiy va huquqiy chegaralar, sudni hurmat qilmaslik va tuhmat bilan bog‘liq xavflarni anglash, qonuniy jurnalistik surishtiruv tushunchasi, jurnalistlar uchun huquqiy ma’lumotlarni izlash va ulardan foydalanish usullari kabi mavzularda taqdimotlar va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, bunday seminar-treninglar ommaviy axborot vositalari va sud organlari o‘rtasidagi ochiqlik hamda hamkorlikni yanada mustahkamlash, jurnalist va blogerlarning huquqiy savodxonligini oshirish hamda jamoatchilikka tezkor va ishonchli axborot yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.