Qoidalarni muntazam buzgan mansabdorlar “Insofsiz tekshiruvchilar reyestri”ga kiritiladi
Farmon doirasida
O‘zbekistonda biznes yuritish uchun mutlaqo yangi muhit shakllandi. Xususan, soliq yukining kamaytirilishi, keng ko‘lamli moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining joriy etilishi ayni sohada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shuningdek, ortiqcha byurokratik to‘siqlarning bosqichma-bosqich qisqartirilishi va raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi tadbirkorlar uchun keng imkoniyatlar yaratdi.
Xususiy sektor iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylanib, yangi ish o‘rinlari yaratish, innovatsiyalarni joriy etish va hududlarni kompleks rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-aprelda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarni cheklash va nazorat tadbirlarining shaffofligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni tadbirkorlik faoliyatini himoya qilishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Mazkur hujjat, avvalo, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarni cheklash, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini tartibga solish va ularning javobgarligini oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Farmon doirasida 2026-yil 1-iyuldan ishga tushiriladigan “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi va uning mobil ilovasi tadbirkorlar uchun nazorat jarayonlarida qulaylik va himoya mexanizmlarini yaratadi.
Xususan, tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududdagi mas’ul mansabdor shaxslar – tuman (shahar) hokimi, mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika va soliq inspektorlari haqida to‘liq ma’lumot olish hamda ular bilan bevosita muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa muammolarni ortiqcha vositachilarsiz, tezkor va ochiq hal etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, farmon bilan davlat xizmatchilarining tadbirkorlar bilan bo‘ladigan har qanday aloqalarini aniq huquqiy doiraga kiritish orqali yashirin bosim o‘tkazish holatlariga barham berishga qaratilgan muhim normalar joriy etiladi.
Endilikda davlat xizmatchisining tadbirkor faoliyat yuritayotgan ob’ektga nazorat yoki profilaktika tadbirisiz borishi yoxud tadbirkorni boshqa joyga chaqirishi “nazorat tadbiri hisoblanmaydigan muloqot” sifatida rasmiy qayd etiladi. Bu esa har qanday uchrashuv “izsiz” o‘tib ketmasligi, balki tizimda aks etishini ta’minlaydi.
Mazkur muloqotlarni alohida tartibda belgilash choralari, eng avvalo, tadbirkorlik faoliyatiga turli ko‘rinishdagi norasmiy ta’sir o‘tkazish holatlariga chek qo‘yadi. Xususan, “norasmiy homiylik”, asossiz iltimoslar yoki boshqa qonunchilikka zid xatti-harakatlar uchun zamin yaratadigan yashirin muloqotlar endilikda tizimli ravishda nazorat ostiga olinadi.
Eng muhim jihati – bunday muloqotlar haqidagi ma’lumotlarni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritish davlat xizmatchilari uchun majburiy etib belgilangani tadbirkorlar uchun qo‘shimcha kafolat yaratadi. Ya’ni, endi har qanday uchrashuv hujjatlashtiriladi va bu talabga amal qilinmasa, mansabdor shaxsga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi mumkin.
Bundan tashqari, bir yil davomida bir tadbirkor bilan ikki va undan ortiq marotaba asossiz muloqotga kirishgan davlat xizmatchilariga nisbatan qat’iy choralar belgilanishi muhim ahamiyatga ega. Bunday holatda ularga xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi, aynan shu tadbirkor faoliyatini tekshirishda 12 oy davomida ishtirok etishiga cheklov qo‘yilishi yoki tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshirish o‘tkazishga vakolat beruvchi maxsus guvohnomaning amal qilishi vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.
Qoidalarni muntazam buzgan mansabdor shaxslarning “Insofsiz tekshiruvchilar reyestri”ga kiritilishi davlat xizmatchilari uchun jiddiy reputatsion xavf omilini yuzaga keltiradi. Bu esa ularni tadbirkorlar bilan ishlashda yanada mas’uliyatli bo‘lishga majbur qiladi.
Tadbirkorlar uchun yana bir muhim yangilik sifatida “Biznes himoya” QR-kodining joriy etilishi nazorat jarayonlarini maksimal darajada soddalashtirish va himoya darajasini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalo, ushbu tizim orqali tadbirkor zimmasidagi ortiqcha byurokratik yuklama – tekshiruvlarni ro‘yxatga olish elektron kitobini taqdim etish majburiyati bekor qilinmoqda. Bu esa vaqtni tejaydi va inson omili bilan bog‘liq ortiqcha talablarni bartaraf etadi.
Endilikda nazorat qiluvchi organ mansabdor shaxsi tekshiruv boshlashdan oldin tadbirkordagi QR-kodni skaner qilish orqali barcha jarayonni “Yagona davlat nazorati” tizimida avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazadi. Bu har bir tekshiruv raqamli izga ega bo‘lishi, ya’ni yashirin yoki norasmiy tekshiruv o‘tkazish amalda imkonsiz bo‘lib qolishini anglatadi.
Eng kuchli himoya mexanizmi shundaki, agar davlat xizmatchisi QR-kod orqali tekshiruv yoki muloqotni tizimga kiritmasa, tadbirkor uni o‘z hududiga kiritmaslik yoki muloqotga kirishmaslik huquqiga ega bo‘ladi.
Bu norma tadbirkorga real va bevosita “rad etish” instrumentini beradi hamda noqonuniy bosimlarning oldini olishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
QR-kod asosidagi ushbu tizim nazoratni “qog‘ozdan raqamga” o‘tkazib, tadbirkorni tekshiruvlardagi passiv ishtirokchidan faol himoyalangan sub’ektga aylantiradi. Bu esa biznes yuritishda shaffoflik, tezkorlik va ishonch darajasini oshiradi.
Farmonda, shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ular uchun “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida shaxsiy kabinet avtomatik ravishda ochilishi belgilangan. Bu faoliyatini endi boshlayotgan tadbirkorlarga alohida murojaat yoki qo‘shimcha harakatlarsiz nazorat jarayonlarini boshqarish, tekshiruvlar tarixini kuzatish va o‘z huquqlarini himoya qilish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur farmon tadbirkorlik faoliyatini ortiqcha aralashuv va noqonuniy bosimlardan himoya qilishning mutlaqo yangi, tizimli mexanizmlarini joriy etadi.
Eng muhimi, nazorat jarayonlarining to‘liq raqamlashtirilishi va shaffoflashuvi tadbirkor hamda davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ochiq va adolatli tizimga olib chiqadi. Natijada tadbirkorlar o‘z faoliyatini erkin va ishonch bilan yuritish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa iqtisodiyotda xususiy sektorning yanada faollashuvi va investitsion jozibadorlikning oshishiga xizmat qiladi.
Jahongirbek QO‘CHQOROV,
Savdo-sanoat palatasi
bosh yuriskonsulti.
O‘zA