Bojxona tizimida ochiqlik va muloqotning yangi bosqichi
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov jurnalistlar va blogerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Harbiy orkestr sadolari ostida boshlangan tadbir nafaqat rasmiy uchrashuv, balki davlat organlari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi muloqotning yangi bosqichini namoyon etdi.
Tadbirda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi. Shuningdek, hududiy bojxona boshqarmalaridagi jurnalistlar muloqotga videokonferensiya orqali qo‘shildi.

Muloqot davomida bojxona tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, axborot siyosatidagi o‘zgarishlar va jamoatchilik bilan aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Bojxona qo‘mitasida axborot siyosati tubdan yangilanib, ochiqlik va shaffoflik ustuvor tamoyilga aylandi. Matbuot xizmati faqat xabar tarqatuvchi bo‘linma emas, balki jamoatchilik bilan samarali muloqotni ta’minlovchi muhim strategik institut sifatida shakllanmoqda.

Buning amaliy natijalari ham sezilmoqda. Agar 2022-yilda 16 mingga yaqin axborot materiali e’lon qilingan bo‘lsa, 2025-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 21 mingdan oshdi. Joriy yilning dastlabki besh oyida esa 10 mingdan ortiq axborot materiallari tayyorlanib, keng jamoatchilikka yetkazildi. Qo‘mitaning ijtimoiy tarmoqlardagi auditoriyasi qariyb 200 ming nafarga yetgani ham aholining tizim faoliyatiga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Muloqotning ahamiyatli jihatlaridan biri shundaki, unda faqat yutuqlar haqida emas, balki sohada mavjud ayrim muammo va kamchiliklar haqida ham ochiq gapirildi. Bu esa davlat organlari faoliyatida tanqidiy tahlil va shaffoflik tamoyillari mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.

Tadbir yakunida bojxona sohasini ommaviy axborot vositalari orqali yoritishda faollik ko‘rsatgan 60 nafardan ortiq jurnalist va bloger taqdirlandi. Shundan so‘ng ishtirokchilar Markaziy bojxona laboratoriyasi hamda Milliy kinologiya markazi faoliyati bilan tanishib, xizmat itlari ishtirokidagi ko‘rgazmali chiqishlarni kuzatishdi.

Shubhasiz, mazkur ochiq muloqot nafaqat bojxona tizimi faoliyatini keng jamoatchilikka yaqinlashtirdi, balki davlat idoralari va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi ishonchli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA