Bobur shahri rassomlarni chorlamoqda
Davlatimiz rahbarining taklifiga asosan, 2025-yil 30-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Andijon viloyati Bobur shahrida rassomlar festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanib, 2026-yildan boshlab har ikki yilda bir marta Bobur shahrida Rassomlar festivali o‘tkazilishi belgilandi.
Ilk festival shu yil 18 – 22-may kunlari Bobur shahrining Ziyolilar bog‘ida bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.
– Festivalda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 200 nafarga yaqin tasviriy san’atning rangtasvir, badiiy foto, haykaltaroshlik va grafika yo‘nalishlarida tajribali ijodkorlar ishtirok etadi, – deydi Badiiy ijodkorlar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbarim Rasuljon Ismonov. – Ayni kunlarda tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirgan. Bobur shahridagi Ziyolilar bog‘ida ko‘rgazmalar uchun maxsus maydonlar, sahnalar tayyorlanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ishtirokchilar “Gran-pri”, “Eng yaxshi rangtasvirchi rassom”, “Eng yaxshi haykaltarosh”, “Eng yaxshi fotorassom”, “Eng yaxshi grafik rassom” nominatsiyalari bo‘yicha mukofotlanadi.
Festival dasturiga ko‘ra tasviriy san’at yo‘nalishi bo‘yicha ijodiy asarlar ko‘rgazmalari, taniqli va iqtidorli ijodkorlar ishtirokida mahorat darslari, ijodiy suhbatlar, amaliy san’at asarlari, hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari, milliy va tarixiy liboslar, badiiy dasturlar namoyishi, diqqatga sazovor maskanlarga sayohatlar tashkil etiladi.
Festival yakunida g‘oliblar Prezident sovg‘asi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yengil avtomobil, diplom, festival statuetkasi va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.