Yarmarka: Marg‘ilon shohi matolari mehmonlarni rom etdi
Poytaxtimizda Respublika “Hunarmand” uyushmasi tomonidan “Art Bazar” san’at va hunarmandchilik ko‘rgazma-yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rgazmada O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan hunarmandlar o‘zlarining qo‘l mehnati mahsulotlarini namoyish qildi.

Tadbirda milliy keramika, ipak matolar, zargarlik buyumlari, dizaynerlik kiyimlari, rasmlar va suvenirlar mehmonlar e’tiborini tortdi.
Shuningdek, ko‘rgazmada Marg‘ilon shohi matolari va adraslari, Shahrixonning mashhur damashqiy pichoqlari, Samarqand ustalarining zardo‘zi va patdo‘zi uslubidagi libos va uy-ro‘zg‘or buyumlari, Toshkent va buxorolik zargarlarning milliy uslubdagi zargarlik mahsulotlari va boshqa ko‘plab ajoyib milliy sovg‘a va esdalik buyumlari namoyish etildi.

Shu bilan birga, tashrif buyuruvchilar uchun kashtachilik va matoga naqsh tushirish bo‘yicha mahorat darslari ham tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA