Demografik siyosatni amalga oshirish va inson kapitalini mustahkamlashda xalqaro aloqalar kengaymoqda
Dunyoda demografik siyosatni amalga oshirish uchun ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash, migratsiya, gender tenglik, shaharsozlik va samarali moliyalashtirish sohalari o‘rtasida muvofiqlikni ta’minlash muhim sanaladi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) hamda Shimoliy Makedoniya hukumati hamkorligida mazkur davlat poytaxti Skope shahrida demografik barqarorlik bo‘yicha II Mintaqaviy vazirlar konferensiya tashkil etildi.
“O‘zgarishlarga yetakchilik: demografik barqarorlik yo‘lida insonga yo‘naltirilgan yondashuvlar” mavzusidagi konferensiyada 30 dan ortiq mamlakatdan davlat va hukumat rahbarlari, vazirlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi ekspertlar ishtirok etdi.
Jumladan, Shimoliy Makedoniya davlati rahbarlari – Prezident Gordana Silyanovska-Davkova, Bosh vazir Xristian Mitskoski hamda Parlament Raisi Afrim Gashi demografik barqarorlik bo‘yicha II Mintaqaviy vazirlar konferensiyasi ochilish marosimida nutq so‘zladi. Muhokamalar jarayonida ishtirokchilar, jumladan, O‘zbekiston delegatsiyasiga rahbarlik qilgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov bilan muloqotda bo‘ldi.

Unda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlaridagi demografik o‘zgarishlarni samarali boshqarishga qaratilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, shuningdek, demografik xavf-xatarlarga nisbatan inson huquqlari va tahliliy ma’lumotlarga tayangan kompleks siyosatni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.
Konferensiya doirasida mintaqadagi asosiy demografik masalalar, xususan, tug‘ilish darajasining pasayishi, migratsiya jarayonlari va aholining qarishi, shuningdek, mehnat bozorlari, ijtimoiy himoya tizimlari, davlat xizmatlari hamda mavjud infratuzilmaga tushayotgan yuklama ko‘rib chiqildi. O‘z o‘rnida, Markaziy Osiyoning demografik salohiyati yuqori baholanib, mintaqa davlatlarida mehnatga layoqatli aholi soni 2050-yilga borib 71 million nafarga yetishi prognoz qilinayotgani qayd etildi.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov Yevropa Ittifoqi ko‘magida tashkil etilgan “Demografik tendensiyalar va davlat siyosati: tahdidlardan barqarorlikka” mavzusidagi vazirlar panel muhokamasida ma’ruza qildi.
U o‘z nutqida O‘zbekistonda demografik barqarorlik masalasi uzoq muddatli milliy taraqqiyotning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotganini ta’kidladi. Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining demografik jarayonlarni iqtisodiy taraqqiyot, inson kapitalini rivojlantirish, urbanizatsiya, migratsiyani tartibga solish hamda ekologik barqarorlik bilan uyg‘unlashtiruvchi muhim strategik hujjat sifatidagi ahamiyatiga alohida urg‘u berildi.
Tahlil va ishonchli ma’lumotlarga asoslangan yondashuvlarni keng joriy etish, xususan, 2050-yilgacha bo‘lgan milliy va mintaqaviy demografik prognozlarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, so‘nggi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida ilk bor aholini ro‘yxatga olish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish muhim ekani ta’kidlandi.
Demografik barqarorlik bo‘yicha II Mintaqaviy vazirlar konferensiyasi doirasida qator uchrashuvlar o‘tkazilib, xalqaro hamkorlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, yangilangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va uni amalga oshirish jarayonida ekspertlar hamda fuqarolik jamiyati vakillarining ishtiroki haqida ma’lumot berildi.
Bunda O‘zbekistonning inklyuziv va ma’lumotlarga asoslangan demografik siyosatni amalga oshirish, inson kapitalini mustahkamlash maqsadida UNFPA va boshqa xalqaro hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirishga tayyor ekani qayd etildi.
M.Hojiakbarova, O‘zA