AQSh terma jamoasi yulduzi Jonni Kardozo jahon chempionatini o'tkazib yuboradi
Kardozo yozda mavsumoldi tayyorgarligini boshlashga tayyor bo‘lishiga umid qilmoqda.
"Atletiko Madrid" va AQSh terma jamoasi yarim himoyachisi Jonni Kardozo o‘ng to‘pig‘idan olgan jarohati tufayli jahon chempionatidan chetda qolmoqda.
Madrid klubi xabariga ko‘ra, futbolchi kelasi seshanba kuni Barselonada o‘tkaziladigan operatsiyani boshdan kechiradi. Xavbek 7-may kuni bo‘lib o‘tgan mashg‘ulotda jarohat oldi. Shundan so‘ng, Kardozo to‘pig‘i holati bo‘yicha qo‘shimcha maslahat olish uchun Kataloniyaga yo‘l oldi. Natijada jarrohlik amaliyotidan qochib qutulishning iloji yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Klub tiklanish jarayoni asoratsiz o‘tishiga va Kardozo yozda mavsumoldi tayyorgarligini boshlashga tayyor bo‘lishiga umid qilmoqda. Dastlabki prognozlarga ko‘ra, jarrohlik amaliyoti va reabilitatsiya o‘yinchining Ispaniya chempionatining navbatdagi mavsumi boshlanishiga qadar to‘liq tiklanishiga imkon beradi. Joriy mavsumda to‘pig‘i bilan bog‘liq muammolar bir necha bor Kardozoning Diego Simeone jamoasida mustahkamlanishiga to‘sqinlik qildi. Shunga qaramay, murabbiylar shtabi 24 yoshli futbolchiga maydon markazidagi muhim o‘yinchi sifatida ishonishda davom etmoqda. Futbolchining "matraschilar" bilan amaldagi shartnomasi 2030-yilning yozida yakuniga yetadi.
Yarim himoyachi joriy mavsumda umumiy 15ta uchrashuvda maydonga tushishga ulgurgan.