“Aqlli tuman” tamoyillari asosida yangi yondashuv
Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida aholi uchun yanada qulay, zamonaviy va obod yashash muhitini yaratish borasida, ayniqsa, ko‘p qavatli uy-joy massivlarini obodonlashtirish, kommunal infratuzilmani yaxshilash va hududlarning estetik ko‘rinishini zamon talablari asosida shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda Qorako‘l tumani hokimi Xurshid Toxirov tumandagi ko‘p qavatli uy-joy hududlarida o‘rganish ishlarini olib bordi. Tashrif davomida mahallalardagi mavjud infratuzilma holati, uylar atrofi, yo‘laklar, umumiy foydalanish joylari va kommunal xizmatlar sifati atroflicha ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish jarayonida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, bolalar maydonchalari, dam olish hududlari, yashil maydonlar va sanitariya holati tahlil qilinib, mavjud kamchiliklar yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi. Xususan, hududlarda tartib-intizomni kuchaytirish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini kengaytirish va aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish muhim vazifa sifatida qayd etildi.

Tashrif davomida Mirzo Ulug‘bek tumanida samarali qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalarni Qorako‘lda ham joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, “Aqlli tuman” tamoyillari asosida hududlarni boshqarish, raqamli nazorat tizimlarini kengaytirish, muammolarni tezkor aniqlash va bartaraf etish, aholi bilan doimiy muloqot o‘rnatish kabi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Tuman hokimi tomonidan mutasaddilarga har bir ko‘p qavatli uy atrofini namunali hududga aylantirish, infratuzilma ob’ektlarini tartibga keltirish va mavjud muammolarni qisqa muddatlarda hal etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, aholi murojaatlari va takliflarini tizimli o‘rganish orqali ishlar samaradorligini oshirish zarurligi qayd etildi.

O‘rganishlar jarayonida fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga doir fikr va takliflari tinglandi. Bu esa aholi manfaatlarini inobatga olgan holda hududlarni rivojlantirish, odamlarni rozi qilish va hayot sifati darajasini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Qorako‘l tumanida amalga oshirilayotgan bunday amaliy ishlar nafaqat hududlar qiyofasini o‘zgartirish, balki aholi uchun xavfsiz, shinam va zamonaviy yashash muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. “Aqlli tuman” tamoyillarini joriy etish esa kelgusida hududni yanada rivojlantirish va boshqaruv samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.