Sharafli ishning mas’uliyati katta
Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni Samarqand viloyatida ham keng nishonlandi. Bayram arafasida barcha tuman va shahar hokimliklari, boshqarma va idoralar tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi, soha xodimlari mehnati e’tirof etildi.
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda jurnalist va blogerlar, axborot xizmatlari xodimlari ishtirokida sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar o‘tkazildi, soha vakillari salomatligini mustahkamlash maqsadida tibbiy ko‘riklar tashkil etildi.
Samarqandlik ijodkorlarning viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan asosiy bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari vakillari va faxriylar ishtirok etdi.
Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev tadbir qatnashchilarini kasb bayrami bilan tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi.
– Matbuot va axborot sohasi har qanday jamiyat taraqqiyotining muhim ustunlaridan biri hisoblanadi – dedi A.Boboyev. – Chunki axborot insonlarni birlashtiradi, jamiyatni uyg‘otadi, odamlarni ezgu maqsadlar sari chorlaydi. Jurnalist esa voqelik va jamoatchilik o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikdir. Yangi O‘zbekistonda ochiqlik, oshkoralik va so‘z erkinligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholini xolis va tezkor axborot bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyatida ham axborot sohasi izchil rivojlanib bormoqda. Ayni paytda viloyatda 34 ta gazeta va jurnal, 8 ta nashriyot, 10 ta internet nashri, bitta teleradio kanal faoliyat ko‘rsatmoqda. Zamonaviy uskunalarga ega bosmaxonalar xizmatidan nafaqat viloyatdagi, balki qo‘shni hududlardagi gazetalar tahririyatlari ham samarali foydalanib kelmoqda.
Bugungi kunda axborot xizmati tizimi davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. Viloyatdagi 80 nafar axborot xizmati vakillari o‘zlari ishlayotgan tizim faoliyatidan ommaviy axborot vositalari vakillari va aholini tezkor xabardor etib bormoqda. Ayniqsa, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, ularning yechimiga ko‘maklashish, murojaatlarga tezkor munosabat bildirish borasida jurnalistlar va axborot xizmati xodimlarining hamkorligi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tadbirda sohaning bir guruh fidoyi vakillari Samarqand viloyati hokimligining tashakkurnoma va qimmatli sovg‘alari bilan taqdirlandi. Shuningdek, jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘oliblari e’lon qilinib, munosib rag‘batlantirildi.
[gallery-30124]
– Jurnalistika sohasidagi 45 yillik faoliyatim e’tirof etilib, davlatimizning yuksak mukofoti “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlanganim bu yilgi bayramning eng unutilmas lahzalari bo‘ldi, – deydi “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati katta musahhihi Rim Mustakimov. – Kecha poytaxtimizda o‘tkazilgan marosimda, bugun viloyatimizdagi bayram tadbirida ham bu e’tibor butun mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnati munosib qadrlanayotgani ifodasi ekanligi ta’kidlandi. Chindan ham keyingi paytda sohamizga berilayotgan e’tibor natijasida nafaqat mehnatimiz qadrlanyapti, balki jamiyatda ommaviy axborot vositalarining o‘rni va roli oshmoqda. Bunday sharoitda ishlash, axborot tarqatish sharafli bo‘lishi bilan birga kishi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Har birimiz doimo bu mas’uliyatni his qilib ishlashimiz lozim.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari