Angorlik 101 yoshli Marziya momo
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Angor tumani Tollimaron mahallasida istiqomat qiluvchi Marziya momo bu yil 101 yoshni qarshi oldi. Bir asrdan ziyod umrni ortda qoldirgan onaxon bugun nafaqat farzandlari, balki nevarayu chevaralari uchun ham ibrat maktabiga aylangan.
Marziya momoni ilk bor ko‘rgan kishi uning 101 yoshga kirganiga ishonishi qiyin. Onaxon bugun ham tetik, bardam va mehnatsevar. Hali-hamon ro‘molini beliga mahkam bog‘lab, tomorqa ishlariga kirishadi, daraxtdagi mevalarni teradi, qo‘lidan kelgan ishni hech kimga buyurmaydi.
Yaqinlarining aytishicha, onaxonning uzoq umr siri tinimsiz harakat, mehnatsevarlik va shukronalikda mujassam. U yoshlarga doimo mehnat qilish, sabr-qanoatli bo‘lish va oila qadrini bilish haqida nasihat qiladi. Shu bois xonadonda Marziya momoning o‘rni alohida.
[gallery-30280]
Marziya momo hayoti davomida turli sinov va mashaqqatlarni boshdan kechirgan. U mamlakatimiz mustaqilligidan oldingi og‘ir yillarni, chaqalog‘ini bag‘riga bosib dala mehnatiga chiqqan kunlarini hanuz eslaydi.
Asr guvohi bo‘lgan Marziya momo hayoti barchaga bir haqiqatni eslatadi: uzoq umrning siri harakat, mehnat va ezgulikdadir.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA