Toshloqda transformatorlar ishlab chiqarilmoqda (+video)
O‘zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylandi. Farg‘ona viloyatida 20 ta “Yangi O‘zbekiston” turar-joy massivlari bunyod etildi. Ularning eng kattasi “Eko shahar”dir. Kelgusida 400 ming aholi yashashiga mo‘ljallangan ko‘pqavatli binolar qad rostlamoqda. Uning yana bir jihati shaharchada barcha uy yumushlari elektr quvvati bilan bajariladi. Hatto isitish ham.
Bunday yirik hududlar uchun quvvati yuqori va ishonchli elektr transformatorlariga talab katta. Ilgari bu kabi uskunalar asosan chet eldan yoki poytaxtdagi ishlab chiqaruvchilardan olib kelinar edi. Endi esa ular Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasi hamda Toshloq tumanidagi sanoat zonalarida ham ishlab chiqarilmoqda.
Ana shunday korxonalardan biri “FAHR ENERGY TECHNOLOGIES”. Ushbu korxona o‘tgan yili faoliyat boshlagan bo‘lib, bugungi kunda yiliga 40-50 dona yuqori quvvatli elektr transformatorini ishlab chiqarib, iste’molchilarga yetkazib bermoqda.

– Korxonamiz 2024-yilda tashkil topgan. Xorijiy mamlakatlardan zamonaviy texnologik uskunalar keltirdik. Asosiy vazifamiz elektr shitlari jihozlarini ishlab chiqarish va yig‘ishdir. 25 kVt amperdan 2,5 ming kVt ampergacha bo‘lgan transformatorlar ishlab chiqaramiz. Bundan tashqari, transformatorlar podstansiyasini ham quramiz. Mahsulotlarimizni kelgusida Osiyo mamlakatlariga eksport qilish imkoniyatlari mavjud, – deydi korxona muhandis-konstruktori Ali Zinadi. – Ayni chog‘da Yangi O‘zbekistonning “Eko shahari” uchun elektr jihozlarini tayyorlamoqdamiz. Bugungacha ular uchun 10 ga yaqin transformator podstansiyalari yuborildi.
Har qanday ishlab chiqarish tobora takomillashmas ekan, istiqboli bo‘lmaydi. Bu yerda ham bo‘sh turgan ulkan binoni auksionda sotib olishdi va endi kattaroq loyihaga qo‘l urmoqdalar.

– Biz Xitoydagi muqobil kompaniyalar bilan shartnomalar tuzganmiz. Ular kelgusida eng yuqori quvvatli transformator zavodining loyihasini tayyorlashmoqda. Bu zavodni shu hududimizga quramiz. U 63 ming kvt ampergacha kuchlanishga ega transformatorlar ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, yiliga 2000 tagacha kam quvvatli transformatorlar ham yetkazib bera oladi, – deydi Ali Zinadi. – Biz hozirdanoq Farg‘ona texnika universiteti bilan malakali mutaxassislar yetkazib berishi haqida maqsadli shartnomalar tuzdik. Universitet talabalari dual ta’lim asosida bizda ishlay boshladi.

Shunday qilib, endi Toshloq tumani katta quvvatli transformator yetkazib beruvchiga aylandi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/WRZGH8DHnDE" title="Toshloqda transformatorlar ishlab chiqarilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA