Amir Temur ilm-fan va madaniyat homiysi
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markazida “Amir Temur – ilm-fan va madaniyat homiysi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Amir Temur oyligi” hamda “Kitobxonlik haftaligi” doirasida Xalqaro Amir Temur jamoat fondi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limlari hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda olimlar, yozuvchi va shoirlar, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari, harbiy qism xizmatchilari, ichki ishlar vazirligi Andijon akademik litseyi o‘quvchilari ishtirok etdi.

Tadbir ochilishida so‘z olgan viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnoraxon Ismoilova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi yurtimizda aholi kitobxonligini yuksaltirish, mutolaa madaniyatini oshirish va buyuk ajdodlar merosini o‘rganishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, xususan, kitobxonlik haftaligi tadbirlari doirasida ulug‘ allomalar ijodi, ijodiy merosi keng targ‘ib etilayotganligini alohida ta’kidladi.

Xalqaro Amir Temur jamoat fondi viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Habib Siddiq mamlakatimizda buyuk ajdodlarimiz xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatish, yoshlarni bilimli va ma’naviyatli qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganligi, shuningdek, Amir Temur tavalludining 690 yilligini nishonlash bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli tadbirlar ham ana shu e’tiborning namunasi ekanligini aytib o‘tdi. Ishtirokchilarni fond tomonidan nashr etilgan kitoblar bilan tanishtirdi, kutubxona markazi rahbariga Amir Temur byustini topshirdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Orifjon Meliyev, Vosit Ahmad Amir Temurning ibratli hayot yo‘li, davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan va madaniyat homiysi sifatidagi faoliyati va ulkan bunyodkorlik ishlari haqida gapirdi. Yoshlarni buyuk ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy, ilmiy-ijodiy merosini o‘rganishga, ularga munosib bo‘lishga chaqirdi.

Shuningdek, tadbirda Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati haqidagi hujjatli film namoyish etildi. Temur va temuriylar haqidagi tarixiy, ilmiy va badiiy kitoblar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Mazmunli va qiziqarli o‘tgan tadbir ishtirokchilar, ayniqsa, yoshlarning buyuk bobomiz – Amir Temur hayoti, faoliyati haqidagi bilim va tushunchalarini yanada boyitdi.
F.Ubaydullayev,
O‘zA.