Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchi
Bugun yurtimizdagi minglab maktablar va litseylarda so‘nggi qo‘ng‘iroqlar chalinib, bitiruv tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Mana shunday tadbirlardan biri poytaxtimizdagi O‘zbekiston Respubliksi Milliy gvardiyasi Harbiy musiqa akademik litseyida ham bo‘ldi.

“Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida o‘tkazilgan mazkur bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi. Uni Harbiy musiqa akademik litseyining direktori Ravshan Nig‘matov kirish so‘zi bilan ochib, bitiruvchilarga oq yo‘l tiladi, kelajakda nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishga kirishlari, shuningdek, davlatimizga munosib xizmat qiladigan sodiq farzandlar, yetuk mutaxassis va harbiy xizmatchilar bo‘lib yetishishlariga ishonch bildirdi.


Shundan so‘ng, litsey bitiruvchilari tayyorlagan konsert dasturi namoyish etilib, unda o‘z ona tilimizda, shuningdek, boshqa tillarda kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.


Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir, "Shuhrat" medali sohibi Turob Niyoz so‘z olib, litsey bitiruvchilari va ustozlarini ushbu quvonchli kun bilan chin dildan qutladi va ularga o‘zining yangi she’laridan o‘qib berdi, kitoblaridan sovg‘a qildi.

Tadbir yakunida a’lo baholarga o‘qib, jamoat ishlarida o‘zini ko‘rsatgan, faol bitiruvchilarning ota-onalariga litsey rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.
"Albatta, bugungi bitiruvchi – ertangi muhandis, shifokor, olim, shoir va adib, tadbirkor degani. Bugungi bitiruvchi – Uchinchi Renessans bunyodkori degani. Sizlar Yangi O‘zbekistonning eng katta ishonchi va tayanchisiz..."
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz maktablarini bitirayotgan o‘g‘il-qizlarga bugun yo‘llagan tabrigidagi ushbu so‘zlar albatta yoshlarimizga kuch- g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi.
Nilufar Bozorova, O‘zA