Ajdodlarimizning o‘zga yurtlarda qarovsiz qolgan so‘nggi manzillari: ularni kim asraydi?
Ayni paytda yurtimizda Muborak Qurbon hayitini keng nishonlash arafasidamiz. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muborak Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida” qarori qabul qilinib, unda bir qator vazifalar belgilangan. Jumladan, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish borasida ham vazifalar o‘z aksini topgan.
Darhaqiqat, ana shunday ulug‘ kunlar oldidan ziyoratgohlar, buyuk ajdodlarimiz ruhi qo‘nim topgan manzillarni obod qilish, ziyorat qilish eng ulug‘ savob amallardan hisoblanadi.
Ammo afsuski, ko‘plab buyuk bobokalonlarimizning qabrlari o‘zga yurtlarda joylashgan va ularning hammasini ham obod manzil, deya olmaymiz. Xususan, Hirotda Alisher Navoiy maqbarasi qarovsiz qolgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Bu haqda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi O‘quv-tadqiqot va tahlil markazi direktori Nargiza Hamidova O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
— Alisher Navoiy — buyuk shoir, mutafakkir, davlat arbobi, turkiy adabiyotning tengsiz namoyandasi. Biz uning g‘azallarini o‘qiymiz, hikmatlarini takrorlaymiz, tavallud sanalarini nishonlaymiz, haykallari poyiga gul qo‘yamiz. Ammo ba’zan bir necha soniyalik tasvir inson ongidagi barcha rasmiy va tantanavor manzaralarni ag‘dar-to‘ntar qilib yuboradi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Hirotdagi Navoiy maqbarasi aks etgan videolar ham xuddi shunday ta’sir qildi. Unda butun bir millat ma’naviyatining timsoli bo‘lgan zotning qabri qarovsiz, ochiq va g‘arib ahvolda ko‘rindi. Atrofida esa odamlar bemalol kundalik hayot bilan mashg‘ul. Hatto maqbara yaqinida voleybol o‘ynayotgan manzaralar ham aks etgan.
Bu tasvirlar ko‘pchilikni larzaga soldi. Chunki gap oddiy qabr yoki tashlandiq tarixiy ob’ekt haqida ketmayapti. Bu — o‘zbek millatining ma’naviy ustuni, til va tafakkur ozodligi uchun kurashgan, butun turkiy dunyoga o‘zligini anglatgan daho haqida ketmoqda. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Hirotdagi bu manzara faqat arxitektura yoki obodonlashtirish muammosi emas. Bu, milliy xotira, sivilizatsion o‘zlik va ma’naviy mas’uliyat haqidagi og‘riqli savoldir.

Navoiy tarixda shunchaki shoir bo‘lib qolmagan. U turkiy tilning taqdirini o‘zgartirgan inson edi. XV asrda forsiy til mutlaq ustun bo‘lgan bir davrda Navoiy turkiy tilning badiiy va intellektual imkoniyatlarini butun Sharqqa namoyon qildi. U “Muhokamat ul-lug‘atayn” orqali millatning ma’naviy mustaqilligi til bilan boshlanishini isbotladi. Uning ijodi orqali turkiy xalqlar o‘zini sivilizatsion sub’ekt sifatida his qila boshladi. Shuning uchun ham Navoiy shaxsi faqat adabiyot emas, balki milliy ong, madaniy xotira va tarixiy g‘urur masalasi bilan bog‘liq.
Bugun biz o‘zbek tilida erkin fikr yuritayotgan bo‘lsak, milliy adabiyotimiz jahon madaniyatining bir qismi sifatida tan olinayotgan bo‘lsa, buning poydevorida aynan Navoiydek zotlarning xizmatlari yotadi. Shu ma’noda, uning Hirotdagi maqbarasi oddiy qadamjo emas. U millatning ma’naviy markazlaridan biri.
Shuning uchun ham ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan tasvirlar odamlarning qalbiga qattiq tegdi. Chunki u yerda odamlar faqat tashlandiq maqbarani emas, balki tarixiy xotiraga nisbatan sovuqlikni ko‘rdi. Navoiy o‘z yurtida shon-sharaf bilan tilga olinayotgan bir paytda, uning haqiqiy qabri g‘ariblik hissini uyg‘otuvchi manzaraga aylanib qolgan.
Beixtiyor shoirning o‘zi yozgan misralar yodga tushadi: “G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish...” Bu satrlar hozir shunchaki she’riy misra emas. Ular go‘yo Hirotdagi bugungi holatning ma’naviy tavsifiga aylangandek.
Tarixiy nuqtai nazardan qaraganda, Hirot Navoiy hayoti va faoliyatining markazi bo‘lgan. XV asrda bu shahar Sharqning eng yirik madaniyat va ilm markazlaridan biri edi. Bu yerda adabiyot, miniatyura san’ati, me’morchilik, ilm-fan yuksalgan. Navoiy nafaqat ijod qildi, balki davlat boshqaruvida ham faol ishtirok etdi. U ko‘priklar, madrasalar, karvonsaroylar, masjidlar qurdirdi. Kambag‘allarga yordam berdi, ilm ahlini himoya qildi. Ya’ni Navoiyning shaxsiyatida ijodkor, mutafakkir va davlat arbobi mujassam edi.
Uning Hirotda dafn etilishi bejiz emas. Bu shahar uning hayotining ma’naviy markazi bo‘lgan. Shuning uchun ham Hirotdagi maqbara nafaqat Afg‘oniston, balki butun turkiy dunyo uchun muqaddas makon hisoblanadi.

Ammo bugun aynan shu joyning ahvoli jamoatchilikni qattiq tashvishga solmoqda. Chunki millat o‘z buyuklariga qanday munosabatda bo‘lsa, kelajak avlod ham millatga shunday munosabatda bo‘ladi. Tarixiy xotira uzilgan jamiyatda ma’naviy parokandalik kuchayadi. Shu bois Navoiy maqbarasi masalasiga shunchaki texnik yoki mahalliy infratuzilma muammosi sifatida qarash xato bo‘ladi.
Bu yerda yana bir muhim jihat bor. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda. Ilmiy tadqiqotlar, xalqaro forumlar, ma’rifiy tadbirlar, yangi kitoblar, teatr asarlari — bularning barchasi davlat va jamiyatning buyuk ajdodlarga bo‘lgan ehtiromini ko‘rsatadi. 2020-yilda qabul qilingan “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorda ham Hirotdagi maqbarani obodonlashtirish vazifasi belgilab qo‘yilgan edi. Bu esa Navoiy merosi davlat darajasida e’zozlanayotganining muhim belgisidir.
Biroq Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat, xavfsizlik bilan bog‘liq murakkab sharoit va mintaqadagi beqarorlik bu tashabbuslarning to‘liq amalga oshishiga to‘sqinlik qildi. Natijada bugun Hirotdagi maqbara yana dolzarb masala sifatida kun tartibiga qaytmoqda. Afsuski, bu birinchi holat emas. 2023-yilda Balx viloyatidagi Navoiy yodgorligi buzilgani haqida xabarlar tarqaldi. Undan avval esa 2010-yilda Mozori Sharifda Navoiy haykali vayron qilingani ma’lum bo‘lgan edi.
Bu holatlar madaniy meros ob’ektlari qanday himoyasiz holatda ekanini ko‘rsatadi. Eng muhimi, Hirotdagi maqbaraning bugungi holati jamiyatni bir muhim haqiqat haqida o‘ylashga undaydi: qabr va maqbaralarni obod saqlash — bu xalqning azaliy ma’naviy qadriyatlaridan biri. O‘zbek xalqi azaldan qabr ziyoratiga, ajdodlar xotirasiga alohida ehtirom bilan qaragan. Yurtimizning eng chekka qishloqlarida ham odamlar ota-bobolari qabrini qarovsiz qoldirmaydi. Atrofini tozalaydi, daraxt ekib, ziyorat qilib turadi. Chunki xalq ongida qabrni asrash — bu shunchaki hududni obod qilish emas, balki o‘tganlarga sadoqat va hurmat ramzi hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, Hirotdagi Navoiy maqbarasi masalasi oddiy arxitektura yoki ta’mirlash muammosidan ancha keng ma’noga ega. Bu — buyuk ajdodlar xotirasiga munosabat, milliy qadriyat va ma’naviy mas’uliyat masalasidir. Chunki Navoiy kabi zotlarning maqbarasi nafaqat tarixiy ob’ekt, balki millat ruhiyati bilan bog‘liq muqaddas makon sifatida qabul qilinishi kerak.
Bugun o‘zbek va turkiy dunyo tarixidagi o‘nlab buyuk zotlar qabri yot yurtlarda qolib ketgan. Ayrimlari qarovsiz, ayrimlari unutilgan, ba’zilarining esa hatto aniq qabri ham ma’lum emas. Zahiriddin Muhammad Bobur Kobulda, Usmon Nosir Rossiyaning Kemerovo o‘rmonlari bag‘rida, Mashrab Afg‘oniston hududlarida, Jaloliddin Manguberdi qabri esa hanuz tarixiy bahslar ichida qolmoqda. Temuriylar, jadidlar, qatag‘on qurbonlari orasida ham shunday g‘arib taqdir sohiblari ko‘p. Tarixchilarning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo sivilizatsiyasiga mansub 50 dan ortiq buyuk shaxsning qabri bugun boshqa davlatlar hududida joylashgan.
Shu ma’noda Hirotdagi manzara shunchaki bir maqbara yoki bir tarixiy joy haqida emas, bu butun bir millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy vijdoni va ajdodlarga bo‘lgan munosabati haqidagi og‘riqli savoldir. Chunki millatni faqat hudud yoki til emas, balki ulug‘lari xotirasiga bo‘lgan hurmat ham birlashtirib turadi. Bugun yot yurtlarda qarovsiz qolgan maqbaralar, unutilgan qabrlar va sukutga cho‘mgan qadamjolarni biz asramasak, kim asraydi?
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA