Ajdodlar xotirasi yod etildi
Yurtimizda 9-may – Xotira va qadrlash kuni har yili ko‘tarinkilik va yuksak ma’naviy ruhda nishonlanadi. Bu sana xalqimizning tinchligi va erkinligi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlar xotirasini yod etish, ularning jasoratini qadrlash, shuningdek, keksalarimizga hurmat-e’tibor ko‘rsatishning yorqin ifodasidir.
Ana shu ulug‘ ayyom munosabati bilan yurtimizning barcha hududlarida turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va xotira kechalari tashkil etilmoqda. Shunday tadbirlardan biri Milliy gvardiya Toshkent “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida o‘tkazildi.

Mazkur “Uch avlod uchrashuvi”da turli avlod vakillari — keksalar, o‘rta yoshdagilar va o‘quvchilar bir davrada jam bo‘lib, hayotiy tajriba, vatanparvarlik tuyg‘usi hamda milliy qadriyatlar haqida samimiy muloqot qildi. Tadbirda Toshkent shahar Nuroniy jamg‘armasi, Xalq deputatlari Mirobod tumani Kengashi vakillari va mahalla fuqarolar yig‘ini faxriylari ishtirok etdi.

Mehmonlar litseyda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya jarayonlari hamda o‘quvchilarning harbiy va jismoniy tayyorgarligi bilan yaqindan tanishib, yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlarni yuqori baholadi. Tadbir so‘ngida yoshlar tarbiyasiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh faxriylar ko‘krak nishonlari, sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi. Bu esa ularning ko‘p yillik mehnati va yosh avlod tarbiyasidagi xizmatlariga berilgan yuksak e’tirof bo‘ldi.

Umuman olganda, mazkur tadbir avlodlar o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash, yoshlarni milliy va ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda Vatanga sadoqat tuyg‘usini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
N.Rahmonova, O‘zA