O‘zbekistonda 598 ta noqonuniy qurol aniqlandi
Prezident Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi muvofiqlashtiruvida huquq-tartibot organlari orasida yo‘lga qo‘yilgan idoralararo mustahkam hamkorlik sohadagi qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va tezkorlik bilan bartaraf etishda o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, joriy yilning boshidan buyon huquq-tartibot organlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlar natijasida 7,5 mingdan ziyod qurol muomalasiga doir qonunchilik buzilishi holatlari aniqlangan bo‘lib, 598 ta noqonuniy qurol va 3,2 mingga yaqin o‘q-dorilar olib qo‘yilgan.
Ushbu holatlar bo‘yicha 264 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasida (44 ta), Farg‘ona viloyatida (39 ta) qayd etilgan. Eng kami Jizzax hamda Xorazm viloyatlariga - 5 tadan to‘g‘ri keladi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda 48 mingdan ortiq fuqaro ov qurolini saqlash va ishlatishga ruxsatnomaga ega. Ularning ovchilik faoliyati ham doimiy davlat organlari nazoratida.
Jumladan, muntazam ravishda brakonerlikka qarshi kurashish reydlari o‘tkazilib kelinadi. Joriy yilning o‘tgan davrida 2 mingga yaqin reyd tadbirlari tashkil etilib, 575 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlangan.
Bevosita xayvonot dunyosi ob’ektlarini noqonuniy ovlaganlik bo‘yicha 55 ta holat aniqlangan. Eng ko‘p holatlar Qashqadaryo va Xorazm viloyatlariga to‘g‘ri keladi – 12 tadan. Brakonerlik faoliyati tufayli tabiatga jami 4,3 milliard so‘m zarar keltirilgan, ularning deyarli teng yarmi Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
O‘tkazilgan keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot ishlari natijasida fuqarolar tomonidan ixtiyoriy ravishda 433 qurol va 3 mingdan ziyod o‘q-dorilar topshirilgan. Bu esa, o‘z navbatida, aholining huquqiy ongi va mas’uliyati oshib borayotganidan dalolat beradi.
Ushbu ko‘rsatkichlar mamlakatimizda qurollar muomalasi ustidan davlat nazoratini kuchaytirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash hamda noqonuniy aylanmani bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlarning izchil va samarali ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hamroz Bayonov, O‘zA