AES qurilishi ayollar uchun qanday yangi imkoniyatlar yaratadi?
Mamlakatimizda atom energetikasi sohasining rivojlanishi xotin-qizlar uchun yangi kasbiy imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Yurtimizda birinchi atom elektr stansiyasi (AES) qurilishi loyihasi ayollarni muhandislik, texnika va yuqori texnologiyali sohalarga keng jalb etishda muhim maydonga aylanmoqda.
“O‘zatom” agentligida O‘zbekiston va Rossiya atom sanoati xotin-qizlari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda shu haqda so‘z bordi. Tadbirda Jizzax viloyatida qurilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasida ishtirok etayotgan rahbarlar, muhandislar, loyihachilar, yosh mutaxassislar va talabalar qatnashdi.
Anjumanda ta’kidlanganidek, atom sanoatida ayollar professional hamjamiyatini rivojlantirish kadrlar siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Muhokamalar davomida AESni loyihalash, yuqori texnologiyali uskunalarni yaratish, qurilish ishlarini tashkil etish hamda texnik yo‘nalishlarda xotin-qizlarning ishtirokini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda O‘zbekiston atom sanoatida ayollar nafaqat ma’muriy, balki asosiy texnik yo‘nalishlarda ham faol mehnat qilmoqda. Ular yadro va radiatsiyaviy xavfsizlikni ta’minlash, milliy standart va reglamentlarni ishlab chiqish, ish sifatini nazorat qilish hamda murakkab texnologik jarayonlarni boshqarishda ishtirok etmoqda.
Hozirda “O‘zatom” agentligi va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 263 nafar xodimning 94 nafari xotin-qizlar bo‘lib, bu umumiy ko‘rsatkichning qariyb 35 foizini tashkil etadi.
Anjuman doirasida “O‘zatom” agentligi Xotin-qizlar kengashi hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasining Ayollar hamjamiyati o‘rtasida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolandi. Mazkur hujjat ayol mutaxassislarning kasbiy mahoratini oshirish, o‘zaro tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Mutaxassislarning fikricha, AES qurilishi jarayoni xotin-qizlar uchun muhandislik, loyihalash, qurilish, texnik xizmat ko‘rsatish va boshqaruv kabi yo‘nalishlarda yangi istiqbolli ish o‘rinlarini yaratadi. Bu esa nafaqat energetika sohasi, balki mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ham munosib hissa qo‘shadi.
N. ZIYODULLAEVA, O‘zA