Adaptiv sport uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha yangi yondashuv
Adaptiv jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Joriy yildan boshlab soha mutaxassislari uchun amaliy mashg‘ulotlarga asoslangan zamonaviy malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarni jamiyat hayotiga faol jalb etish, ularning jismoniy reabilitatsiyasi va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada adaptiv jismoniy tarbiya va sport sohasi uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
So‘nggi yillarda mazkur yo‘nalishdagi islohotlar mustahkam huquqiy asosga ega bo‘ldi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-oktabrdagi 599-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi huzurida Paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash instituti tashkil etilgan edi.

Keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-noyabrdagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni sportga jalb etish orqali jismoniy reabilitatsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mazkur muassasa negizida Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti qayta tashkil etildi.
Mazkur o‘zgarishlar sohadagi kadrlar tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqdi. Agar avval institut faoliyati asosan paralimpiya sport turlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan bo‘lsa, 2025-yildan boshlab qamrov sezilarli darajada kengaytirildi. Endilikda surdlimpiya, ko‘zi ojizlar sporti, maxsus olimpiada harakati hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar ishtirok etadigan boshqa sport yo‘nalishlari uchun ham kadrlar tayyorlanmoqda.
Joriy yil 7-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilingan videoselektor yig‘ilishida adaptiv sport sohasida kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Ushbu topshiriqlar ijrosi doirasida 2026-yil aprel oyidan boshlab alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan jismoniy tarbiya o‘qituvchilari uchun mutlaqo yangi shakldagi malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Avvalgi yillarda o‘quv jarayoni asosan onlayn shaklda tashkil etilgan bo‘lib, bu tinglovchilar va mutaxassislar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tajriba almashish imkoniyatlarini cheklab qo‘yar edi. Yangi tizim esa an’anaviy oflayn shaklda hamda ikki bosqichli o‘qitish modeli asosida tashkil etildi.

Kurslar davomida kunning birinchi yarmida sohaning yetakchi mutaxassislari, amaliyotchi trenerlar va ekspertlar ishtirokida amaliy seminar-treninglar, interaktiv mashg‘ulotlar hamda muhokamalar o‘tkazildi. Kunning ikkinchi yarmida esa tinglovchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlashga qaratilgan auditoriya mashg‘ulotlari tashkil etildi.
E’tiborli jihati shundaki, ishtirokchilar faqat nazariy bilimlar bo‘yicha emas, balki jismoniy tayyorgarlik darajasini baholovchi sport sinovlari orqali ham attestatsiyadan o‘tdilar.
Intensiv va amaliyotga yo‘naltirilgan mazkur o‘quv dasturiga maxsus maktab-internatlarining 141 nafar jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi jalb qilindi. Ularning 132 nafari barcha talablarni muvaffaqiyatli bajarib, tegishli malaka sertifikatlarini qo‘lga kiritdi.
Sohadagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yil iyul oyida adaptiv sport turlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan sport ta’lim muassasalari hamda maxsus maktab-internatlar trenerlari uchun navbatdagi an’anaviy malaka oshirish kurslarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mutaxassislar fikricha, bunday zamonaviy va inklyuziv yondashuv adaptiv sport sohasida faoliyat yuritayotgan pedagog va trenerlarning kasbiy salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu imkoniyati cheklangan bolalar va yoshlarning sport orqali o‘z iqtidorini namoyon etishi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi hamda sog‘lom turmush tarziga keng jalb etilishi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Ulug‘bek Abdullayev,
Adaptiv jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini
qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti bo‘lim boshlig‘i
O‘zA