Samarqand bolalar kelajagi bo‘yicha global muloqot maydoniga aylanadi
Shu yilning 21–22-oktabr kunlari Samarqand shahrida “Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlar uchun barqaror va adolatli taraqqiyot sari yo‘l” mavzusida butunjahon sammiti hamda uning doirasida II xalqaro bolalar onkologiyasi kongressi o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi va boshqa vazirliklar tomonidan bir qator xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan sammitda 100 dan ortiq mamlakatdan siyosiy yetakchilar, vazirlar, ekspertlar, biznes vakillari, fuqarolik jamiyati, akademik doira hamda bolalar va o‘smirlar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Tashkilotchilarning qayd etishicha, bugungi kunda bolalar global chaqiriqlar — mojarolar, iqlim o‘zgarishi, iqtisodiy beqarorlik va ortib borayotgan tengsizlikning eng og‘ir oqibatlarini his qilayotgan guruhlar qatorida turibdi. Shu sababli sammitda kelajak avlod taqdirini belgilovchi muhim yo‘nalishlar muhokama markazida bo‘ldi.
Jumladan, sammit sessiyalarida bolalar manfaatiga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya, bolalarni himoya qilish va integratsiyalashgan qo‘llab-quvvatlash tizimlarini rivojlantirish, qulay va barqaror sog‘liqni saqlash tizimi, bolalar saratoniga qarshi kurash, erta bolalik rivoji va inklyuziv ta’limda hamkorlikdagi yechimlar mavzulari yuzasidan fikr almashish, xalqaro va milliy tajribalarni o‘rganish ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunlari bo‘yicha bolalar farovonligiga investitsiya qilish bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri