Zamonaviy teatr: tomoshabin talabi va ijodkor mas’uliyati
Bugungi kunda teatrning jamiyat hayotidagi o‘rni, yoshlarning san’atga munosabati va zamonaviy spektakllarning ijtimoiy ahamiyati dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Raqamli texnologiyalar va ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotining ajralmas qismiga aylangan bir davrda teatr oldida ham yangi vazifalar paydo bo‘lmoqda. Teatrlarning bugungi ahvoli, yoshlarning sohaga munosabati va zamonaviy teatrning dolzarb muammolari haqida O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Usmon Eratov bilan suhbatlashdik.
— Bugungi tomoshabin teatrni qanday qabul qiladi?
Bugungi tomoshabin teatrni shunchaki tomoshagoh emas, balki o‘zining ichki “men”i bilan uchrashadigan ko‘zgu sifatida qabul qilyapti. Buni kundalik hayotimizda, har bir spektakldan keyin yaqqol ko‘rish mumkin.
Misol uchun, ilgari odamlar teatrga faqat bayram kayfiyatida, chiroyli kiyinib, hordiq chiqarish uchun kelishgan bo‘lsa, bugun zalda yig‘layotgan, o‘ylanayotgan va spektakl tugagandan keyin ham o‘rindig‘idan turolmay, karaxt bo‘lib o‘tirgan yoshlarni ko‘p uchratamiz. Yaqinda bir ruhiy-psixologik dramadan keyin guvohi bo‘ldim: chiroqlar yonib, parda yopilgach ham tomoshabinlar kamida 5 daqiqa qarsak chalishni ham unutib, jimgina o‘tirishdi. Mana shu sukut — bugungi tomoshabin teatrni qanchalik chuqur his qilayotganining isboti. Yoshlar ekrandagi soxta blogerlar yoki “TikTok”dagi yengil kontentdan charchab, teatrga haqiqiy, tirik odamning dardini, hayotiy iztiroblarini ko‘rish uchun kelishmoqda.
Bugun zalda o‘tirgan inson sahnadagi kichik bir yolg‘onni yoki aktyorning rolga kirishmaganini bir soniyada sezib oladi. Agar spektakl yuzaki bo‘lsa, ular antraktni ham kutmasdan zalni tark etishyapti. Ammo asar hayotiy, ramzlarga boy va falsafiy bo‘lsa, odamlar chipta topolmay, oylab navbat kutishga ham tayyor.
Bugun tomoshabinlar orasida shunchaki yengil komediya ko‘rib, kundalik tashvishlarni unutgisi keladiganlar ham bor, albatta. Biroq eng quvonarlisi, teatr zallarini jiddiy dramalarni sog‘inib keladigan yangi intellektual qatlam to‘ldirmoqda. Spektakldan keyin ijtimoiy tarmoqlarda oddiy tomoshabinlar tomonidan yozilayotgan uzun-uzun taqrizlar, bahs-munozaralar bugun teatr jamiyatning eng jonli fikrlash va muloqot maydoniga aylanganini ko‘rsatadi.
— Yoshlarning teatrga qiziqishi va internet davrida teatrning o‘rni qanday?
Mening fikrimcha, internet va ijtimoiy tarmoqlar teatrni o‘ldirgani yo‘q, aksincha, unga yangi nafas bag‘ishladi.
Bugungi yoshlar virtual dunyodagi raqamlilikdan, doimiy “ekranomaniya”dan charchashdi. Ular jonli energiya, haqiqiy hissiyotlar va inson omiliga ehtiyoj sezishmoqda. Shu sababli ham hozir yangicha yondashuvdagi spektakllarga yoshlarning oqimi juda kuchli.
Mantiqan olib qaraganda, ushbu internet davrida teatr inson o‘zligini anglaydigan, raqamli shovqindan qochib, jimjitlikda fikrlaydigan xotirjam maskan vazifasini o‘tayapti. Bugun kino yoki “TikTok” berolmaydigan o‘sha sehrli “aks-sado” va “jonlilik” teatrning eng katta ustunligidir.
Virtual dunyo odamlarni bir-biridan uzoqlashtirayotgan bir paytda, teatr aynan “jonli energiya” va haqiqiy his-tuyg‘ular almashinuvi maydoniga aylandi. Monitor qarshisida o‘tirgan tomoshabin hech qachon ololmaydigan o‘sha betakror hissiyotlarni faqat teatr sahnasi taqdim eta oladi.
Shunday ekan, internet teatrni yo‘q qilmadi, balki elektron chiptalar, ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalar orqali uning onlayn targ‘iboti yangi bosqichga chiqishiga xizmat qilmoqda.
— Bugungi teatrlarda qo‘yilayotgan spektakllarda jamiyatdagi muammolar qay darajada aks etmoqda?
Bilasizmi, bu juda nozik va og‘riqli savol. Mening fikrimcha, bugungi tomoshabin teatrga faqat dam olish uchun emas, balki o‘z qalbidagi isyonni, jamiyatdagi og‘riqlarni va bugungi kunning haqiqiy dardini eshitish uchun kelyapti. Odamlar ekranlardagi majburiy chiroyli hayotdan, ijtimoiy tarmoqlardagi yasamalikdan charchadi va sahnadan haqiqatni qidirmoqda.
Agar bugungi reallikka xolis baho beradigan bo‘lsak, teatrlarimizda ijobiy siljishlar bor. Keyingi paytlarda korrupsiya, oilaviy inqirozlar, majburiy mehnat, ayollar huquqlari va ijtimoiy tengsizlik kabi ilgari gapirish cho‘chitib kelgan mavzular sahnaga olib chiqilyapti. Bu — katta yutuq.
Ammo tan olish kerak, jamiyatning eng og‘riqli, global va tizimli muammolarini chuqur falsafiy hamda badiiy tahlil qilish darajasi hali biz istagandek yuqori emas. Ko‘pincha muammolar yuzaki, maishiy darajada yoki haddan tashqari didaktik, ya’ni tayyor pand-nasihat ruhida talqin qilinyapti. Tomoshabinga sahnadan turib “bu noto‘g‘ri, bu to‘g‘ri” deb aql o‘rgatish davri o‘tdi. Bugungi tomoshabin o‘zi fikrlashni, sahnadagi ramzlar ortiga yashiringan haqiqatni kashf etishni istaydi. Jamiyatning eng katta fojialarini badiiy jihatdan yuksaklikka ko‘tarib, inson ruhiyati sifatida ochib berishda ba’zan ijodkorlarimizda jasorat, ba’zan esa dramatik mahorat yetishmayapti.
Afsuski, jamiyatning asl dardini bor bo‘yicha, qo‘rqmasdan va shu bilan birga yuksak san’at darajasida ko‘rsata olgan kuchli asarlar bugun barmoq bilan sanarli. Ammo umidsizlikka tushishga asos yo‘q. Bu borada teatr jamoalari, yosh rejissyor va dramaturglar tomonidan tinimsiz izlanishlar olib borilmoqda.
— Zamonaviy teatrga nima yetishmayapti?
Bugungi kunda teatr sohasidagi asosiy masalalar quyidagi ahvolda: • Repertuar: Eng zaif nuqtalardan biri. Zamonaviy dramaturgiya sal oqsayapti. Bugungi kun qahramonini yaratib beradigan yangi, o‘tkir syujetli pesalar kam. Teatrlar hali ham klassika yoki chaynalgan maishiy mavzular hisobiga kun ko‘rmoqda.
Aktyorlik mahorati: Iqtidorli aktyorlar ko‘p, ammo ularning ko‘pi tirikchilik va mashhurlik ilinjida seriallar va to‘y xizmatlariga chalg‘ib ketgan. Bu esa teatrdagi obrazlarning sifatiga, repetitsiyalar va ichki psixologik tayyorgarlikka salbiy ta’sir qilyapti.
Rejissura: Yangicha fikrlaydigan, jahon standartidagi rejissyorlar taqchil. Sahnalashtirishda hali ham eski, an’anaviy, "balandparvoz" usullardan to‘liq voz kechilmagan. Eksperimentlardan qo‘rqish bor.
Reklama (Marketing): Reklama masalasi juda sust. Teatrlar hali ham SMM, targ‘ibot va zamonaviy PR vositalaridan to‘liq foydalana olmayapti. Spektakllar haqida ma’lumot tarqatish tizimi zamondan orqada.
Tomoshabin masalasi: Teatr madaniyati shakllanib bormoqda, biroq spektakl paytida telefondan foydalanish, kechikib kelish, shovqin qilish kabi "tomoshabinlik madaniyati" hali to‘liq yuksalgani yo‘q.
— Teatr va yoshlar: ular bir-biridan uzoqlashdimi?
—Mening fikrimcha, yoshlar teatrga orqa o‘girgani yoki undan butunlay uzoqlashgani yo‘q, shunchaki ular o‘rtasidagi muloqot tili o‘zgardi. Bugungi muammo yoshlarda emas, balki teatrning ularning didini qondira olishi yoki ololmasligida.
Agar teatr yosh avlod bilan hali ham eski zamonda qo‘yilgan, zerikarli va 30 yil oldingi qoliplar tilida gaplashishda davom etsa — yoshlar undan tabiiy ravishda qochadi. Ammo qachonki sahnada zamonaviy dekoratsiyalar, interaktiv yondashuvlar, immersiv teatr usullari, kuchli vizual effektlar va eng muhimi — bugungi yoshlarni qiynayotgan haqiqiy muammolar olib chiqilsa, ular teatr tomon o‘zlari talpinishadi.
Bugun yana bir qiziq fenomen kuzatilyapti: yoshlar doimiy gadjetlardan, telefonlardan va virtual olamdagi sun’iy intellekt (AI) texnologiyalaridan charchashdi. To‘g‘ri, sun’iy intellekt matn yozadi, rasm chizadi, video yaratadi, ammo u insoniy tuyg‘uni — qalbni berolmaydi. Bugungi raqamli dunyoning yasamaligi, "ekranomaniya"si va algoritmlar shovqini odamlarni charchatdi. Mana shu bois, hozirgi yosh avlod har qachongidan ham ko‘proq jonli sahnaga, tirik energiya va haqiqiy insoniy muloqotga tashna.
Ular ekran ortidagi chiroyli soxtalikdan ko‘ra, sahnadagi aktyorning ko‘z yoshini, mashaqqatli nafasini, haqiqiy dardini jonli his qilishni istashadi. Shu sababli ham zamondoshimizning dardini, ichki iztiroblarini teran ochib beruvchi jiddiy asarlarga hamda insonga yengillik va yuksak estetik zavq bag‘ishlaydigan sifatli, mazmunli komediyalarga yoshlarning qiziqishi juda baland.
Xulosa qilsak, yoshlar teatrdan ketgani yo‘q. Ular faqat o‘z davrining tilida gapiradigan, ularning qalbini tushunadigan va virtual dunyo berolmaydigan tiriklik baxsh eta oladigan teatrni izlashmoqda. Teatr bunga tayyor bo‘lsa, zallarimiz hech qachon bo‘shab qolmaydi
— Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!
O‘zA muxbiri
Hamroz Bayonov suhbatlashdi.