Yoshlar bilan muloqot
Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
“G‘allakon” mahalla fuqarolar yig‘inida tashkil etilgan mazkur uchrashuvda ishsiz yoshlarning muammolarini o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va bandlik masalalariga amaliy yechim topishga e’tibor qaratildi.
Muloqotda Sirdaryo-Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari G‘.Shodiyev, suv xo‘jaligi tizimi tashkilotlari rahbarlari, hokim yordamchisi, mahalla yettiligi vakillari, yoshlar yetakchisi hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuvda yoshlarning qiziqishlari, kasb tanlashga bo‘lgan intilishlari va ish bilan ta’minlanish borasidagi ehtiyojlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Kasb-hunar egallash istagidagi yoshlarni tegishli yo‘nalishlarga jalb qilish, tadbirkorlik faoliyatini boshlashni maqsad qilganlarga ko‘maklashish, shuningdek, mavjud bo‘sh ish o‘rinlaridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Mutasaddilar yoshlarni ish bilan ta’minlash imkoniyatlari, davlat tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar va mavjud qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ularning ota-onalariga ham batafsil ma’lumot berdi. Zero, yoshlarning bandligini ta’minlashda oila, mahalla va mas’ul tashkilotlarning hamkorligi muhim ahamiyatga ega.

Yoshlarning muammolarini joyida o‘rganish va ularni hal etishga qaratilgan bunday muloqotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bilan hamohangdir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 25-fevraldagi 78-son qarorida yoshlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq ma’muriy jarayonlarni takomillashtirish, arizalarni elektron platformalar orqali ko‘rib chiqish tartiblari belgilangan. Bu kabi choralar yoshlarning mavjud imkoniyatlardan foydalanishini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Baxmal tumanidagi ochiq muloqot yakunida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etish, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish va mavjud imkoniyatlardan foydalanishga ko‘maklashish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri