Zelenskiy: Ukraina uchun eshiklarni yopmang
Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish masalasi yana Kiyev diplomatiyasi asosiy mavzusiga aylandi. Irlandiyaning Yevropa Ittifoqi Kengashidagi yangi raisligi boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan Vladimir Zelenskiy Ukraina qo‘shilish jarayoni siyosiy hissiyot emas, balki umumiy qoida asosida baholanishi kerakligini ta’kidladi.
Ukraina rahbariga ko‘ra, mamlakat muzokaraning barcha bosqichini boshlash uchun talab etilgan vazifalarni bajarib bo‘lgan. Shuning uchun qolgan muzokara yo‘nalishini ham tezroq ochish vaqti kelgan. U Kiyev hatto, avvalgi Vengriya hukumati bilan munosabatdagi qiyinchiliklarga qaramay, o‘z zimmasiga olgan majburiyatni ado etganini qayd etdi.
Yevropa sari yo‘l tobora murakkablashmoqda. Vengriyaning yangi bosh vaziri Peter Madyar Ukrainaning integratsiya sur’ati bo‘yicha ehtiyotkor pozitsiyani ilgari suryapti. Shu bilan birga, Ukrain qo‘zg‘olonchilar armiyasi – UPA nomi harbiy bo‘linmalardan biriga berilishi Varshava bilan munosabatni keskin sovutdi. So‘nggi ijtimoiy so‘rovga ko‘ra, Polsha fuqarolarining aksariyati Kiyevning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishiga qarshi.
Shunga qaramay, Zelenskiy tarixiy bahslar kelajakni garovga aylantirmasligi lozimligini bildirdi. U ikki qo‘shni xalq o‘rtasida og‘riqli sahifa mavjudligini tan olgan holda, bugungi kunda asosiy tahdid Rossiya ekanini va Yevropa xavfsizligi umumiy yondashuvni talab qilishini ta’kidladi. Kiyev bahsli masala bo‘yicha yechim izlashga tayyor ekanini ham ma’lum qildi.
Bryusseldagi diplomatik doiralar esa hozircha ehtiyotkorlikni saqlamoqda. Kutilganidek barcha muzokara klasterini bir vaqtning o‘zida ochish ehtimoli past baholanmoqda, ammo Yevropa Ittifoqida Ukraina uchun kamida bir yoki ikki yangi yo‘nalish bo‘yicha muzokarani boshlash varianti jiddiy muhokama qilinmoqda. Bu esa Kiyevning Yevropa sari harakati to‘xtab qolmaganini ko‘rsatadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA