Yil boshidan beri Ukraina Rossiyaga taxminan 64 000 ta dron uchirdi
2026-yilning dastlabki olti oyida Rossiya havo mudofaasi tizimlari Rossiya hududi va nizo davomida qo‘lga kiritgan hududlari ustida kamida 63 933 ta Ukraina dronini urib tushirdi, deb xabar berdi “RIA Novosti” Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotiga tayanib.
Qayd etilishicha, yo‘q qilingan dronlarning yarmi may va iyun oyiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda mos ravishda 14 195 va 17 832 ta dron ushlangan. Yanvar va fevral oylarida urib tushirilgan dronlar soni oyiga 6000 tadan ошмади.
Bir kunda ushlangan eng ko‘p dron soni 17-mayda (1054) qayd etilgan. Urib tushirilgan dronlar soni eng ko‘p bo‘lgan besh kun qatoriga 18-iyun (992), 30-iyun (927), 6-iyun (911) va 23-may (800) kirdi.
Avvalroq “Kommersant” nashri Belgorod, Kursk va Bryansk viloyatlari, shuningdek Qrim 2026-yilda Ukraina droni tomonidan eng ko‘p hujumga uchragan hudud bo‘lganini xabar qilgan edi. Moskva, Rostov viloyati va Krasnodar o‘lkasi eng ko‘p hujumga uchragan hudud o‘ntaligiga kiritildi.
O‘z navbatida, Ukraina Mudofaa vazirligi ham iyun oyida Rossiyaga berilgan uzoq masofali zarbalar natijalarini e’lon qildi.
Hisobotda iyun oyida Rossiyaning 11 ta neftni qayta ishlash zavodi, yettita yoqilg‘i logistika inshooti, sakkizta harbiy zavod, sun’iy yo‘ldosh aloqa markazi, kema va paromlar zarbaga uchragani keltirilgan.
Ta’kidlanishicha, hujumlar Qrim va Krasnodar o‘lkasidan G‘arbiy Sibirgacha bo‘lgan hududni qamrab olgan. Maksimal muvaffaqiyatli zarba berish masofasi Ukraina chegarasidan 2000 km dan oshadi.
S.Rahimov, O‘zA