Zamonaviy suzish majmuasi ish boshladi
Sirdaryo viloyatida sport infratuzilmasini rivojlantirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yana bir muhim loyiha bilan davom etdi. Guliston shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy suzish majmuasi foydalanishga topshirildi.
“Miss Fitness” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qayta ta’mirlanib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan mazkur sport inshooti endilikda professional sportchilar, yoshlar hamda keng aholi qatlami uchun xizmat qiladi.
Suzish majmuasining ochilish marosimida Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi, Milliy Olimpiya qo‘mitasining Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbarlari, sport faxriylari, nuroniylar, yosh sportchilar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.
[gallery-29576]
Tadbirda so‘z olgan Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Bo‘ronov bugun mamlakatimizda sport sohasiga qaratilayotgan e’tibor o‘zining amaliy samarasini berayotganini ta’kidladi.
– Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilayotgan bunday majmualar sport infratuzilmasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, yoshlarimiz uchun zamonaviy sharoitlar yaratilib, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishiga keng imkoniyat ochilmoqda. Suzish inson salomatligini mustahkamlovchi eng samarali sport turlaridan biri hisoblanadi. Ushbu majmua kelgusida iqtidorli sportchilarni tarbiyalashga ham xizmat qiladi, – dedi Anvar Bo‘ronov.
Tadbir ishtirokchilari mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar tufayli sport sohasida ham xususiy sektor ulushi ortib borayotganini qayd etdilar. Bu esa aholiga sifatli sport xizmatlarini ko‘rsatish, yoshlarni sog‘lom hayot tarziga jalb etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida mehmonlar suzish majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Zamonaviy jihozlar, qulay mashg‘ulot xonalari va xavfsizlik talablariga mos sharoitlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA