Nufuzli musobaqa oldidan matbuot anjumani
Joriy yilning 22-25-may kunlari Nukus shahrida milliy kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida (IKA) Osiyo kubogi bo‘lib o‘tadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi va O‘zbekiston Kurash federatsiyasi, Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli musobaqa oldidan Nukus shahridagi “Ramada” mehmonxonasida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) xalqaro texnik direktori Ravil Kapur, O‘zbekiston Kurash federatsiyasi raisining sport ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Uyg‘un Umarov va boshqalar Osiyo kubogi musobaqasining o‘tkazilish tartibi, ishtirokchi davlatlar va ularga yaratilgan sharoitlarga to‘xtaldi.
[gallery-29582]
Ta’kidlanganidek, mazkur musobaqada Osiyo qit’asining ko‘plab davlatlaridan, jumladan, Xitoy Taypeyi, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston, Tojikiston, Saudiya Arabistoni, Singapur va mamlakatimizdan kuchli polvonlar ishtirok etadi.
Ushbu musobaqa Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) qoidalariga muvofiq o‘tkazilib, unda erkaklar 5 ta, ayollar 4 ta vazn toifasida bahslashadi. Shuningdek, jamoaviy bellashuvlar ham o‘tkaziladi. Har bir vazn toifasida birinchi o‘rinni egallagan polvonlar 700 AQSH dollari, kumush medal sohiblari 400 AQSH dollari, bronza medali g‘oliblari 200 AQSH dollarini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, jamoaviy bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan birinchi o‘rin egalariga 3000 AQSH dollari, finalchilarga 2000 AQSH dollari va bronza medal egalariga 1000 AQSH dollari topshiriladi.
Musobaqalar doirasida ishtirokchilarga madaniy tadbirlar, Nukus shahrining diqqatga sazovor maskanlariga sayohatlar ham tashkil etiladi.
Matbuot anjumani yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.