Zamonaviy mexanizmlar amaliyotga tatbiq etilmoqda
Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash va davlat byudjeti daromadlarini oshirishda samarali soliq ma’muriyatchiligi muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, raqamli texnologiyalardan keng foydalanish va soliq tizimida shaffoflikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Shu munosabat bilan Buxoro viloyati soliq boshqarmasida “Buxoro viloyatida soliq ma’muriyatchiligi natijalari va yashirin iqtisodiyotni oldini olish bo‘yicha amaliy ishlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda jamoatchilik faollari ishtirok etib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari bilan yaqindan tanishdi.
Matbuot anjumanida Buxoro viloyati soliq boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Yo‘ldoshev joriy yilning o‘tgan davrida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2026-yilning dastlabki besh oyida davlat byudjetiga 2,1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ tushirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 119 foiz o‘sish sur’atini ta’minlagani bilan ahamiyatlidir.
Ushbu natijalar soliq bazasini kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish hamda soliq intizomini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlar samarasi sifatida baholandi.
Anjumanda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda zamonaviy axborot texnologiyalari va raqamli platformalarning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Bugungi kunda viloyatda “Raqamli bozor” tizimi, avtoturargohlar faoliyatini elektron monitoring qilish, karerlar faoliyati ustidan raqamli nazorat, “D-MED” platformasi, IVMS-2 axborot tizimi, qurilish ob’ektlarini sun’iy intellekt orqali kuzatish va tahlil qilish kabi zamonaviy mexanizmlar amaliyotga tatbiq etilgan.

Bu tizimlar iqtisodiy jarayonlarning ochiqligini ta’minlash, noqonuniy faoliyat holatlarini erta aniqlash va inson omilini qisqartirish orqali soliq ma’muriyatchiligining samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Soliq organlari tomonidan aholi o‘rtasida xarid cheklarini talab qilish madaniyatini shakllantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, “Soliq” mobil ilovasi orqali cheklarni ro‘yxatdan o‘tkazish va keshbek olish imkoniyatlari fuqarolar uchun qo‘shimcha rag‘bat yaratmoqda.
Ma’lum qilinishicha, faqatgina may oyining o‘zida Buxoro viloyatida 88,1 ming nafar fuqaro xarid cheklarini ro‘yxatdan o‘tkazib, keshbek xizmatidan foydalangan. Bu esa aholi orasida qonuniy savdo munosabatlariga bo‘lgan qiziqish va mas’uliyat tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Matbuot anjumanida “Soliq hamkor” dasturi natijalari ham ma’lum qilindi. Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida mazkur tizim orqali 3 357 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning asosida 2 053 nafar murojaatchi rag‘batlantirilgan.
Bu ko‘rsatkichlar fuqarolarning iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etayotgani, jamoatchilik nazoratining ta’siri kuchayib borayotgani hamda soliq qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlashda aholi ishtirokining muhim ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.
Anjuman davomida soliq organlari faoliyatida zamonaviy yondashuvlar tobora kengayib borayotgani ta’kidlandi.

Xususan, “Tekshiruvdan — servisga” tamoyili asosida tadbirkorlarga huquqiy ko‘mak berish, maslahat xizmatlarini kengaytirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni qisqartirish va qulay biznes muhitini shakllantirish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Bu esa soliq tizimining jazolovchi emas, balki tadbirkorning ishonchli hamkori sifatida faoliyat yuritishiga xizmat qilmoqda.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar, blogerlar va ijtimoiy tarmoq faollarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.
Shuningdek, 27-iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari hamda axborot sohasi faollari tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri