Strategik muloqot va amaliy natijalar
Tajriba va muvaffaqiyat hamkorlik orqali keladi. Ayniqsa, xalqaro hamkorliklar barcha sohalar uchun taraqqiyotning eng muhim omilidir.
Aynan shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti delegatsiyasi Koreya Respublikasiga xizmat safarini amalga oshirdi. Tashrif doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator muhim uchrashuv va muzokaralar o‘tkazildi.
Tashrif dasturidan o‘rin olgan “O‘zbek–Koreya ekspertlar forumi”da mamlakatimizda oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsion rivojlanish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan islohotlar taqdimot qilindi hamda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, Janubiy Koreya Ta’lim vazirligi vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda talabalar almashinuvi, qo‘shma kafedralar tashkil etish, shaharsozlik, muhandislik va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida xalqaro dasturlar asosida kadrlar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar ushbu yo‘nalishlarda hamkorlik memorandumini ishlab chiqish va uni vazirlar darajasida imzolash bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Masalan, Sejong universiteti bilan muzokaralarda o‘zbekistonlik talabalar ushbu oliygohdagi xorijiy talabalar orasida eng katta ulushni tashkil etayotgani qayd etildi. 2026–2027-yillarda yosh olimlar uchun sun’iy intellekt va shaharsozlik yo‘nalishlarida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.

Qayd etish kerakki, mazkur tashrif O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi sheriklikni yanada mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda akademik hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Sherbek Islomov,
O‘zA