Eksportyorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i Nodirjon Salimjonov tomonidan Guliston tumanida joylashgan “Mili Teks Sirdaryo” korxonasida eksportyorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida uchrayotgan muammolar, eksport hajmini oshirish imkoniyatlari hamda bojxona sohasidagi yangiliklar muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida korxona vakillari eksport bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq masalalar, shuningdek, tashqi bozorlarga chiqish jarayonlarini yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirishdi. Mas’ullar tomonidan amaldagi tartiblarga muvofiq ip-kalava mahsulotlari eksporti uchun eksport bojxona boji stavkasi 0,5 foiz miqdorida, biroq har tonna uchun kamida 12 AQSH dollari hisobida qo‘llanilayotgani haqida tushuntirish berildi.

Muloqot chog‘ida korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari va eksport ko‘rsatkichlari ham o‘rganildi. Bugungi kunda korxonada 400 nafardan ortiq fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, joriy yilning o‘tgan davrida qiymati 1,6 million AQSH dollariga teng 704,5 tonna ip-kalava mahsuloti tashqi bozorlarga eksport qilingan.

Shuningdek, korxonaning istiqboldagi rivojlanish rejalari muhokama qilinib, ishlab chiqarish zanjirini kengaytirish maqsadida yangi binolar barpo etilgani qayd etildi. Kelgusida ip-kalavadan mato to‘qish hamda matoni bo‘yash jarayonlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.


— “Mili Teks Sirdaryo” korxonasida tashkil etilgani kabi ochiq muloqotlar viloyatimizda faoliyat yuritayotgan eksportyor korxonalarda muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda. Bunday uchrashuvlar tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida yuzaga kelayotgan muammo va takliflarni joyida o‘rganish, ularga tezkor yechim topish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini bojxona sohasidagi yangiliklar va imkoniyatlar haqida xabardor qilish hamda davlat organlari bilan biznes vakillari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini beradi, — deydi Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i Alisher G‘afforov.


Muhimi, “Mili Teks Sirdaryo” korxonasida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida tadbirkorlarga xorijdan xomashyo olib kirib, uni “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimi asosida qayta ishlab eksport qilish imkoniyatlari va Shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qator yengillik va qulayliklar yaratayotgan “Vakolatli iqtisodiy operator” institutining afzalliklari haqida ham batafsil ma’lumot taqdim etildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri