Zamonaviy kanalizatsiya tizimi barpo etilmoqda
Yurtimizda aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, hatto eng chekka hududlargacha zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini olib kirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ilgari yetarlicha e’tibor qaratila olmagan tuman va qishloqlar ham izchil taraqqiyot yo‘liga chiqmoqda.
Bugun chekka hududlarni obod qilish, aholini toza ichimlik suvi, zamonaviy yo‘llar va kanalizatsiya tizimlari bilan ta’minlashga qaratilayotgan ulkan e’tibor mamlakatda inson qadrini yuksaltirish tamoyilining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ana shunday ezgu sa’y-harakatlarning yorqin namunasi sifatida Buxoro viloyatining Olot tumanida amalga oshirilayotgan yirik kanalizatsiya loyihasini alohida qayd etish mumkin. Ko‘p yillar davomida aholi ehtiyoji bo‘lib kelgan mazkur infratuzilma loyihasi bugun amaliy bosqichga kirib, qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda.
E’tiborlisi, bugungi kunda Olot tumanida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti 99,6 foizga yetkazilgan. Hozirda 21 ming 410 ta xonadon hamda 171 ta yuridik iste’molchi sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Bu ko‘rsatkich davlat rahbari tomonidan aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalarning izchil amalga oshirilayotganini yaqqol namoyon etadi.

Endilikda e’tibor aholi uchun yana bir muhim masala — zamonaviy kanalizatsiya tizimini barpo etishga qaratilgan. Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaning umumiy qiymati 23,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Bu nafaqat Olot, balki butun hudud kommunal infratuzilmasini yangi bosqichga olib chiqadigan strategik ahamiyatga ega loyihadir.
Loyiha doirasida bir sutkada 3 800 kub metr oqova suvni tozalash quvvatiga ega zamonaviy inshoot quriladi. Shuningdek, 20 ta oqova suv nasos stansiyasi barpo etiladi, 160,5 kilometr uzunlikdagi kanalizatsiya tarmoqlari yangidan quriladi va rekonstruksiya qilinadi.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur loyihaning ahamiyati faqat kommunikatsiya tarmog‘ini yangilash bilan cheklanmaydi. Avvalo, 11 ta mahallada yashovchi 26,5 ming nafar aholi ilk bor markazlashgan kanalizatsiya xizmati bilan qamrab olinadi. Bu esa sanitariya-gigiyena holatini tubdan yaxshilaydi, yer osti suvlarining ifloslanishini kamaytiradi, ekologik barqarorlikni mustahkamlaydi hamda turli yuqumli kasalliklarning oldini olishda muhim omil bo‘ladi.

Mutaxassislar ta’kidlaganidek, rivojlangan davlatlarda hayot sifati birinchi navbatda muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasining holati bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, Olotda amalga oshirilayotgan ushbu yirik loyiha tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, tadbirkorlik muhitini yaxshilash va kelgusida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish uchun ham mustahkam zamin yaratadi.
Ayni paytda “Asajam” mahallasida qurilish ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Muhandislar va quruvchilar tomonidan zamonaviy texnologiyalar asosida tarmoqlarni barpo etish ishlari belgilangan reja asosida izchil davom ettirilmoqda.

Eng muhimi, bu kabi loyihalar davlat rahbarining chekka hududlarni rivojlantirishga qaratgan doimiy e’tiborining amaliy natijasidir. Ilgari faqat yirik shaharlarga xos deb qaralgan zamonaviy muhandislik infratuzilmalari bugun eng olis tumanlargacha kirib bormoqda. Bu esa yurtimizda hududlar o‘rtasidagi tafovutlarni qisqartirish, har bir fuqaro uchun munosib yashash sharoitini yaratish va “Inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishning yorqin ifodasidir.

Xulosa qilib aytganda, Olot tumanida barpo etilayotgan 23,3 million dollarlik zamonaviy kanalizatsiya tizimi oddiy qurilish ob’ekti emas. Bu — minglab insonlarning ertangi sog‘lom hayoti, ekologik xavfsizlik, zamonaviy kommunal xizmatlar va hudud taraqqiyotiga qaratilgan ulkan sarmoyadir. Bunday keng ko‘lamli islohotlar chekka hududlarning ham Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidan chetda qolmayotganini, aksincha, ular ham mamlakat rivojining muhim qismiga aylanayotganini yana bir bor yaqqol namoyon etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri