Maktab maslahatchisi lavozimiga tanlov boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi “Kelajak” markazlari faoliyatini tartibga solishga qaratilgan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq shahar va tuman “Kelajak” markazlari direktorlari va o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maktab maslahatchisi lavozimi uchun test sinovi va suhbat o‘tkazilishi belgilandi.
Ayni paytda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Kelajak” markazi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan maktab maslahatchisi lavozimiga nomzodlarni tanlash maqsadida suhbat jarayonlari tashkil etilmoqda. Mazkur tanlov jarayoni ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda.
Maktab maslahatchisi lavozimi tanlovining 2-mavsumi uchun O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tanlov.uzedu.uz/home platformasi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jami 619 vakant lavozim e’lon qilindi. 2026-yil 22-aprel sanasidan 12-may sanasiga qadar bo‘lib o‘tgan arizalarni qabul qilish jarayonida jami 5 ming 400 dan ortiq ariza kelib tushdi. Shundan 5 ming 152 nafar talabgor malaka talablariga mos deb topilib, tanlovning 1-bosqichi - test sinovlariga tavsiya etildi.
[gallery-30365]
Joriy yilning 18 va 23-may kunlari bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 4 ming 322 nafar talabgor ishtirok etishdi. Hozirda test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan 1 ming 738 nafar nomzod suhbat bosqichida ishtirok etmoqda.
Suhbat tasdiqlangan komissiya tomonidan belgilangan tartib asosida o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayonda nomzodlarning sardorlik va tashabbuskorlik salohiyati, amaliy tajribasi, muammoli vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati, yoshlar bilan ishlashdagi ishtiroki baholanmoqda.
Tanlovning adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida apellyatsiya mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, murojaatlar qonunchilik asosida ko‘rib chiqiladi. “Kelajak” markazi mazkur tanlov orqali maktablarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada kuchaytirish, o‘quvchilarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda malakali, fidoyi kadrlarni tanlashni maqsad qilgan.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari