Internet nashrlari faoliyatining dolzarb masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamentida internet nashrlari vakillari va soha mutaxassislari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Videokonferensiya aloqa tizimi orqali gibrid formatda tashkil etilgan ushbu muloqotda respublikamiz hududlaridagi mahalliy internet nashrlari vakillari ham onlayn tarzda qatnashdi.
O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi Shuhrat Oripov bugungi raqamli dunyoda internet nashrlari nafaqat tezkor axborot manbai, balki jamiyatda sog‘lom jamoatchilik fikrini shakllantiruvchi kuchli media platformaga aylanganini, internet nashrlari rivojidagi eng ustuvor masala — tezkorlik bilan birga axborotning xolisligi, asoslanganligi va kasb etikasi me’yorlariga qat’iy amal qilinishi bugun g‘oyat dolzarb ekanini ta’kidladi.
Media makonda yolg‘on xabarlar (feyk) va axborot manipulyatsiyasi ko‘paygan bir davrda, internet nashrlarimizning professionalligi va faktlarni tekshirish (faktcheking) ko‘nikmalarini oshirish muhimdir. Ayni paytda zamonaviy jurnalistika talablaridan kelib chiqib, milliy veb-saytlar va blogerlarning kontent sifatini yaxshilash, ularni zamonaviy media-texnologiyalar bilan qurollantirish yo‘lida hamkorlik loyihalarini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Davra suhbati internet saytlari faoliyatini rivojlantirish hamda soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlashning keng qamrovli masalalariga bag‘ishlandi. Xususan, muloqotda davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Bayram tabrigida Prezidentimiz OAV xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, mehnatini rag‘batlantirish, sog‘lig‘ini mustahkamlash va yashash sharoitlarini yaxshilash zarurligini ta’kidlagan edi.
Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Prezident Administratsiyasining Kommunikatsiyalar departamenti tomonidan yangi kompleks konsepsiya – normativ hujjat loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilmoqda.
Mazkur tashabbus doirasida qator masalalarni o‘rganish maqsad qilingan. Jumladan, ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirishda ular oldidagi muammolarni aniqlash, jurnalistlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi bo‘yicha zamonaviy mexanizmlarni yaratish, kadr tayyorlashda fundamental ta’lim modellarini joriy etish, tizimli malaka oshirishni yo‘lga qo‘yish va yosh jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash, jurnalistlarning ijodiy faoliyatini rag‘batlantirish kabi masalalar shular jumlasidandir.
[gallery-30382]
Ayni paytda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, jurnalistlar uchun Uyushmaning o‘rni va ahamiyatini oshirish nazarda tutilgan. Bu boradagi normativ hujjat loyihasi faqat bir tashkilotning qarashi emas, balki jurnalistlarning o‘zlari bildirgan fikr va takliflar asosida shakllanishi muhim ahamiyatga ega. Chunki sohani eng yaxshi biladigan ham, uning og‘riqli nuqtalarini eng yaxshi his qiladigan ham aynan soha vakillarining o‘zlari hisoblanadi.
Bugungi uchrashuv aynan shu maqsadda tashkil etildi. Davra suhbati ishtirokchilari internet ommaviy axborot vositalari auditoriyasini kengaytirish, kontent sifatini yaxshilash, tahririyatlar duch kelayotgan real qiyinchiliklar va ularning yechimlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdi.
Jonli, ochiq va konstruktiv ruhda o‘tkazilgan muloqot davomida bildirilgan takliflar asosida ishlab chiqiladigan chora-tadbirlar kelgusida jurnalistlar manfaatiga xizmat qiladigan va mamlakatimiz media makonini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shadigan tizim yaratishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Bunday muloqotlar tizimli davom ettirilib, kelgusida telekanallar va radiostansiyalar vakillari, fikr yetakchilari, blogerlar va media ekspertlar ishtirokida muhokamalar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
N.Usmonova,
O.Pardayev (suratlar), O‘zA