Zamonaviy bog‘cha foydalanishga topshirildi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Mirzaobod tumani ahli uchun yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Dehqonobod mahallasida joylashgan 17-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mukammal ta’mirlanib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Prezidentimizning 2025-yil 6-martdagi “Sirdaryo viloyatining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilgan mazkur loyiha Mustaqillik bayrami arafasida aholiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Loyihani amalga oshirish uchun 4 milliard 600 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Ta’mirlash ishlari davomida muassasaning tashqi va ichki qismi to‘liq yangilanib, guruh va mashg‘ulot xonalari, yotoqxonalar, oshxona, sanitariya xonalari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda hududi zamonaviy talablar asosida qayta jihozlandi. Muassasa zamonaviy mebel, o‘quv-tarbiya vositalari va zarur jihozlar bilan ta’minlandi.


Tantanali ochilish marosimida Mirzaobod tumani hokimi Abdurahim Umarov, soha xodimlari, nuroniylar, ota-onalar hamda mahalla faollari ishtirok etishdi. Tadbirda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va har bir bola uchun munosib ta’lim muhitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani ta’kidlandi.
Yangilangan muassasada tarbiyalanuvchilarning har tomonlama sog‘lom va barkamol kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratildi. Keng va yorug‘ guruh xonalari, shinam yotoqxonalar, zamonaviy oshxona, musiqa va jismoniy tarbiya mashg‘ulotlari xonalari, xavfsiz o‘yin maydonchalari hamda obodlashtirilgan hudud bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga xizmat qiladi.


Bugungi kunda Mirzaobod tumanida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 86,9 foizdan oshgan. Bu ko‘rsatkich sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish va yangi infratuzilma ob’ektlarini barpo etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samarasining yorqin ifodasidir.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri