“Zakovat”: Ostonada tafakkur bahsi o‘tkazilmoqda (+video)
Bugun, 5 avgust kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston terma jamoalari ishtirokida “Zakovat” xalqaro turniri o‘tkaziladi.
Aytish lozim, mamlakatimizda intellektual o‘yinlarni nafaqat yoshlar, balki aholining barcha qatlamlari o‘rtasida targ‘ib qilish, uni ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bundan ikki yil muqaddam “Zakovat” harakatining doimiy a’zolari soni 500 ming nafardan ortgan. Hozirda 1 million 150 mingga yaqin bilimdon ushbu o‘yinlar bilan qamrab olinayotgani yurtimizda bilimga, aqliy salohiyatga e’tibor yildan-yilga yuksalib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Bilimga tashna, izlanuvchan insonlarni umumiy maqsad yo‘lida jipslashtiruvchi ohanrabosi tufayli “Zakovat” keyingi yillarda xalqaro maydonni ham qamrab olayotgani e’tiborli.
Davlatimiz rahbarining “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan davr mobaynida London, Ostona, Olmaota, Dushanbe va Berlin shaharlarida “Zakovat” nomi ostida o‘nlab xalqaro musobaqalar tashkil etilib, xalqimizga xos tafakkur bahsining o‘ziga xos platformasi yaratildi.
Xorijiy davlatlar orasida Qozog‘istonning “Zakovat” va uning maydonida kechadigan tafakkur bellashuvlariga qiziqishi, do‘stona munosabatlarning “Zakovat” tegrasida mustahkamlanayotganini anglatadi.
Bugun bo‘lib o‘tadigan ushbu o‘yinlarni yuqori saviyada tashkil etish, uning intellektual olamini yaratish, ishtirokchilarga sog‘lom raqobat, bilimlar kurashi maydonini vujudga keltirish borasida Ostonada qilingan ishlar tahsinga loyiqligini ta’kidlamoq kerak.
Sharqona va zamonaviylikni mujassam ettirgan maydon, “Zakovat”gagina tegishli ilmlar osmonini aks ettira olgan dekoratsiya xalqaro turnirning nufuzini ko‘rsatib turibdi. Bu esa O‘zbekiston va Qozog‘iston zakovatchilarining tafakkur bahsi yangicha, sog‘lom raqobat muhitini vujudga keltirishiga zamin yaratdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston zakovatchilarining bahsi oldidan mamlakatimiz bilimdonlarining ayrimlari bilan suhbatlashganimizda ham ayni fikrlar bot-bot tilga olindi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ulM0B-en7FA?si=cgyDandmJV2urh_h" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev,
Nishonboy Abduvoitov(video)
O‘zA muxbirlari