Yuz yoshdan oshgan otaxon va onaxonga yuksak e’tibor ko‘rsatildi
Eng ulug‘, eng aziz bayram – Vatanimiz istiqlolining o‘ttiz besh yilligi arafasida hayotini halol mehnatga bag‘ishlagan, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan hamda uzoq, mazmunli umr yo‘lini bosib o‘tgan mo‘’tabar insonlarga yuksak e’tibor ko‘rsatildi.
Namangan viloyatining Chortoq tumanidagi Dildosh mahallasida istiqomat qiluvchi, qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan Sobirjon ota Xo‘jayev hamda Beshtol mahallasida yashovchi, bir asrlik umrni bosib o‘tgan Anorxon aya Ashurovalarning xonadonlari yo‘qlandi. Chunki ular Prezidentimizning tegishli farmoniga binoan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishgan edi.

Sobirjon otaning ko‘p yillik halol va fidokorona mehnati, 100 yoshni qarshilagan Anorxon ayaning esa sabr-matonat, mehr va ibrat bilan kechgan hayot yo‘li bugun davlat va xalq e’tiborida. Shu munosabat bilan Chortoq tumani hokimi Ilhomjon Sattorov ularning xonadonlarida bo‘lib, ko‘krak nishonlarini topshirdi. Ularga metin sog‘liq, yanada uzoq umr ko‘rishlarini tiladi.

Darhaqiqat, bugungi Yangi O‘zbekistonda inson qadri har narsadan ustun. Buni ushbu nuroniylarimiz misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Ular o‘z halol mehnatlari bilan bir umr vatanimiz taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shib kelishdi. Bugungi e’tirof esa davlatimiz tomonidan ularga bildirilgan yuksak ehtirom ifodasidir.

Binobarin, Sobirjon ota hamda Anorxon ayaning hayot yo‘llari turlicha bo‘lsa-da, ularni birlashtirib turgan ulug‘ fazilat bor – ular butun umrlarini el-yurt xizmatiga bag‘ishlashdi. Bugun ularning har biriga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor esa mustaqil O‘zbekistonda halol mehnat va inson qadri qanchalik ulug‘lanishini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri