Yoshlar startaplari – investorlar e’tiborida
Yoshlarni texnologik tadbirkorlikka keng jalb qilish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish maqsadida poytaxtimizda navbatdagi startap tadbiri o‘tkazildi.
«StartupFest» loyihasi doirasida «Yandex Uzbekistan» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Catalyst Pitch Day tadbirida saralashdan o‘tgan 20 dan ziyod startapchi o‘z loyihalarini soha mutaxassislari, ekspertlar va investorlarga taqdim etdi.
Taqdimotlar davomida startaplarning texnologik yechimlari, biznes modellari, bozordagi istiqbollari va rivojlanish imkoniyatlari muhokama qilindi. Yosh tadbirkorlar o‘z g‘oyalarini professional auditoriyaga namoyish etib, mutaxassislardan loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha fikr va tavsiyalar oldi.
Tadbir ishtirokchilari «Yandex Uzbekistan» ofisi faoliyati bilan ham tanishdi. Kompaniya vakillari bilan muloqotlar chog‘ida texnologik loyihalarni rivojlantirish, innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish, korporativ hamkorlik va investitsiya imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Catalyst Pitch Day doirasida taqdim etilgan loyihalar orasida investitsiya jalb qilgan startaplar ham bor. Jumladan, “Bonu”, “CoreAI” va “VoiceLabs” loyihalariga “Yoshlar Ventures” yoshlar venchur jamg‘armasi hamda «Yandex Uzbekistan» tomonidan investitsiyalar kiritildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, startapning muvaffaqiyati nafaqat investitsiya jalb qilish, balki uning bozor ehtiyojini qondirishi, raqobatbardosh mahsulot yaratishi va kelgusida kengaytirish imkoniyati bilan ham belgilanadi.
[gallery-31396]
Bunday tadbirlar yosh startapchilar uchun o‘z loyihalarini sinovdan o‘tkazish, tajribali mutaxassislar va investorlar bilan bevosita muloqot qilish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun muhim maydon vazifasini o‘tamoqda.
Tadbir yakunida eng yaxshi loyihalar e’tirof etilib, g‘oliblar taqdirlandi.
Kamola Yusupova,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA