“Yutuqli chek!” g‘oliblari aniqlandi
Urganch shahridagi "Xorazm" sport majmuasi stadionida “Chekni talab qiling – avtomobil yuting!” yutuqli chek o‘yini bo‘lib o‘tdi.
O‘yinda 8 ming 963 ta savdo va xizmat ko‘rsatish sub’ektlaridan xaridni amalga oshirgan 505 ming 776 nafar xaridorning “Soliq” mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilgan 4,8 millionta xarid cheklari ishtirok etdi.
O‘yin natijalariga ko‘ra, xonqalik ishtirokchi Jo‘rabek Hakimboyev yutuqli o‘yinning bosh sovrini– avtomobil sohibi bo‘ldi.
Shuningdek, o‘yin davomida televizor, velosiped, mobil telefonlari ham o‘z sovrindorlariga taqdim etildi.
– Savdo do‘konidan 44 ming so‘mlik savdo qilgan edim, – deydi Jo‘rabek Hakimboyev. – Omadim kelib shu xaridimga berilgan fiskal belgili chekimga yutuq chiqdi. Bundan juda xursandman. Aslida har doim xaridlarim uchun chek talab qilishni unutmayman. Barcha yurtdoshlarimizga ham shuni tavsiya etaman. Ajabmas, sizga ham omad kulib boqsa. Bunday imkoniyatdan foydalanish lozim. O‘yin tashkilotchilariga o‘z minnatdorchiligimni izhor etaman.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2026-yilning 1-iyulidan boshlab, eksperiment tariqasida aynan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududida chakana savdo, umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish ob’ektlarida berilgan xarid cheklari asosida yutuqli o‘yinlar o‘tkazilmoqda.
G‘oliblar har oy yakunlangach, keyingi oyning 5-sanasiga qadar, hech qanday inson omilisiz, mutlaqo elektron tizim orqali tasodifiy tanlash, ya’ni random dasturi asosida aniqlanadi va mukofotlar shu oyning 10-sanasida topshiriladi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari