Yurtimning betakror, go‘zal kuzi
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “O‘zbekiston kuzi” she’ri talqinida
Yurgil, dalalarga ketaylik, doʻstim,
Diqqanafas uyda yotmoq paytimas.
Oltin Oʻzbekiston tuprogʻi bu kun,
Bir pari faslning ogʻushida mast.
Shabnam shovillaydi bogʻlar qoʻynida,
Salqin tuman ichra boʻzarar tonglar.
Quyoshning erinchoq yogʻdularida
Nafis yaltiraydi bargi xazonlar...
Sevimli shoirimiz Abdulla Oripov bundan 51-yil oldin “Oʻzbekistonda kuz” sheʼrida kuz manzaralarini ana shunday yorqin, betakror misralarda aks ettirgandi. Chindan ham oʻlkamiz kuzi oʻziga xos goʻzal va jozibalidir. Shundanmi, shoir misralari quyma oltin kabi qogʻozga muhrlanadi.
Har yonda toʻkinlik, kuzdan nishona,
Har yonda goʻzallik yoymish daftarin.
Sonsiz egatlarga sochilmish, ana:
Mening shodliklarim, ezgu dardlarim....

Kuz haqiqatdan ham dalalarda yetishtirilgan hosilni yigʻib-terib oladigan, xirmonlar yaratadigan fasl. Shuningdek, oʻquvchiyu talabalar maktab, texnikum, institut va universitetlar bagʻirlarini toʻldirib oʻqiydigan, bilim oladigan fasl. Ammo sobiq ittifoq davrida buning butunlay aksini koʻraganmiz.
Yaxshi eslayman. Oʻquvchilik paytlarimizda ( oʻtgan asrning 70-yillari) sentyabr oyining oʻrtalariga borib respublikamizdagi barcha ishxonalardagi koʻplab xodim, xizmatchilar, oʻquvchiyu talabalar paxta dalalariga otlanishardi. Qilinadigan ishlar, maktabdagi darslar, audatoriyalardagi leksiyalar esa bekor qilinib, butun mamlakat faqat paxta terimi bilan nafas olardi. Rahbarlarning qulogʻiga faqat paxta haqidagi gaplar kirar, boshqa gaplarni esa eshitgilari ham kelmasdi. Hattoki boʻladigan toʻylar ham kuzning soʻnggi kunlariga yoki qishga qoldirilardi. Axir paxta terimi dolzarb boʻlib turganda turganda oʻyin-kulgu, toʻy-tomosha koʻngilga sigʻarmidi?! Ushbu holatni shoirimiz quyidagi satrlarda shunday ifodalagan edi:

Mening ona xalqim... Ey qadim halol,
Rizqi ona yerga sepilgan xalqim.
Ushoq chigitni ham etmay deb uvol,
Har qarich tuproqqa egilgan xalqim.
Shoir (A. Oripov) albatta oʻsha paytlarda bor haqiqatni ochiqchasiga, aytolmagan. Uni misralar qatiga yashirishga majbur boʻlgan. Biz quyidagi misralardan bu dunyoda paxtadan ham boshqa muhim narsalar borligi, barcha eʼtiborni birgina paxtaga qaratish, hammani terimga jalb etish notoʻgʻri ish ekanligiga boʻlgan ishorani payqaganday boʻlamiz:

Bir nafas boshingni koʻtarginu boq,
Yer yuzida ajib viqor va nufuz.
Sening oʻzing kabi oʻychan va quvnoq.
Xushfeʼl boʻlib kelmish tuprogʻinga kuz.
Sheʼrni oʻqish jarayonida kuz manzaralari yanada yorqin misralarda aks ettirilganiga guvoh boʻlamiz. Biz kuz qiyofasida yurtini dildan suygan, uning dard, tashvishlari, qolaversa, oʻtmish va buguni bilan yashayotgan insonni koʻrgandek boʻlamiz:
Ulugʻ Alisherning soch oqin koʻrib,
Ogʻir xayollarga choʻmgan bu fasl.
Qayrogʻoch yonida gʻamgin oʻltirib,
Chollarga hassalar yoʻngan bu fasl...

Shoir (A. Oripov) kuz azaldan oʻz koʻrkamligini “koʻz- koʻz” qilishini, ayniqsa kuz oqshomlarining naqadar sokin, goʻzallikka boy boʻlib, shoir uchun ilhom manbai ekanini taʼkidlaydi:
Eh, kuzgi oqshomlar... Dilimda mening
Teran tuygʻularim qoʻzgʻalar joʻshib.
Qoʻzgʻalaru shu dam qalbimdan sekin
Toʻkila boshlaydi oydin bir qoʻshiq.
Darhaqiqat, yurtimizda ayni kunlarda biz sevgan, ayniqsa ijod ahli intiqib kutgan beqiyos kuz fasli kezib yuribdi. Shoir (A. Oripov) aytgandek, bizga “oydin bir qoʻshiq” lar hadya qilmoqda.

Ha, Oʻzbekiston kuzini har qancha taʼriflasak, har qancha madh etsak, shuncha oz. Uning saxovati, tengsiz goʻzalligi, beqiyos tarovati qalbimizni hamisha toʻlqinlantiradi, ajib tuygʻularga oshno etadi. Buni bir qoʻr nazar solganimiz – Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼrida ham yaqqol koʻrdik, his qildik.
Turob NIYOZ, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi
OʻzA