Yangi hamkorlik ufqlari
Bugun dunyoda ishonch va o‘zaro manfaatga asoslangan hamkorlik davlatlar taraqqiyotining muhim omiliga aylanmoqda. Ayniqsa, iqtisodiy salohiyat, investitsiya, zamonaviy texnologiya, ta’lim va turizm kabi sohalarda xalqaro sheriklikni kengaytirish har bir mamlakat uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar ana shunday o‘zaro ishonch va manfaatdorlik tamoyillari asosida izchil rivojlanib, strategik sheriklikning yangi mazmun va amaliy yo‘nalishlari bilan boyib bormoqda.
Bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiq va pragmatik tashqi siyosat tamoyillari, xorijiy davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan yangi O‘zbekistonni jahon iqtisodiyotiga yanada chuqur integratsiya qilish, xorijiy investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish va mamlakat hududlarining salohiyatini xalqaro hamkorlik orqali to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgan yondashuvlar Buxoro misolida ham o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Ana shu yaqin va o‘zaro manfaatli munosabatlar doirasida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchisi o‘rinbosari Hezer Berns bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston–AQSH munosabatlarini hududlar darajasida yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarni aniq loyihalarga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Buxoro viloyatining investitsiyaviy salohiyati, iqtisodiy imkoniyatlari, sayyohlik resurslari, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va boshqa sohalarda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Zero, Buxoro bugun nafaqat ming yillik tarix va betakror me’moriy obidalar shahri, balki zamonaviy investitsiya va tadbirkorlik loyihalari uchun ham katta imkoniyatlarga ega hududdir.
Viloyatda sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, xizmat ko‘rsatish sohasini kengaytirish, zamonaviy infratuzilmani shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xorijiy investorlar uchun yangi istiqbollarni yuzaga keltirmoqda.

Shu ma’noda, Amerika kompaniyalari va investorlarining Buxoro bozoriga kirib kelishi nafaqat yangi sarmoya, balki zamonaviy texnologiya, boshqaruv tajribasi va yangi ish o‘rinlarini ham anglatadi.
Uchrashuvda turizm sohasidagi hamkorlik istiqbollari ham atroflicha muhokama qilindi. Buxoroning jahon sivilizatsiyasi tarixida tutgan o‘rni, Ipak yo‘lining muhim markazlaridan biri sifatidagi nufuzi, asrlar davomida shakllangan boy madaniy merosi amerikalik sayyohlar uchun ham katta qiziqish uyg‘otishi tabiiy. Shu bois AQSHdan Buxoroga keluvchi sayyohlar oqimini ko‘paytirish, viloyatning turistik brendini xalqaro maydonda yanada keng targ‘ib qilish, zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish va yangi sayyohlik mahsulotlarini yaratish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun sayyoh faqat tarixiy obidani ko‘rishni emas, balki uning tarixi va ruhini his qilishni, mahalliy madaniyat bilan yaqindan tanishishni istaydi. Buxoroda esa buning uchun imkoniyatlar beqiyos. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston–AQSH hamkorligi doirasida turizm yo‘nalishining yanada kuchaytirilishi Buxoroning xalqaro sayyohlik xaritasidagi mavqeini yanada mustahkamlashi mumkin.
Muloqotda Amerika kompaniyalari va investorlari ishtirokida yangi loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Ayniqsa, ta’lim sohasidagi hamkorlik zamonaviy bilim va texnologiyalarni yosh avlodga yetkazish, xorijiy tajribani mahalliy ta’lim tizimiga joriy etish, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash nuqtai nazaridan katta ahamiyatga ega.
Bugun Buxoroda amalga oshirilayotgan har bir xalqaro hamkorlik loyihasi bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani hal etishga xizmat qilmoqda: investitsiya jalb etiladi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, zamonaviy texnologiyalar kirib keladi, mahalliy mutaxassislarning tajribasi oshadi va eng muhimi — hududning raqobatbardoshligi yuksaladi.

Bu esa Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan “Yangi O‘zbekiston”ni iqtisodiy jihatdan kuchli, ochiq va raqobatbardosh davlatga aylantirish maqsadining hududlardagi amaliy ko‘rinishlaridan biridir.
Uchrashuv yakunida mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalangan holda O‘zbekiston – AQSH munosabatlarining hududiy darajadagi amaliy mazmunini yanada boyitish, yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Aslida, bu muloqot oddiy diplomatik uchrashuvdan ko‘ra kengroq mazmunga ega. Chunki bugun Buxoro o‘zining tarixiy merosi bilan dunyo e’tiborini jalb etayotgan bo‘lsa, ertangi Buxoro innovatsiya, investitsiya, zamonaviy texnologiya va xalqaro hamkorlik markazlaridan biri sifatida ham o‘z o‘rnini mustahkamlashi mumkin.
Bir tomonda — asrlar silsilasidan omon o‘tib kelgan buyuk tarix. Ikkinchi tomonda — yangi iqtisodiy imkoniyatlar va zamonaviy taraqqiyot sari ochilayotgan keng yo‘l. Eng muhimi, bu ikki omil bir nuqtada — Buxoroning yangi taraqqiyot manzilida uyg‘unlashmoqda.
Bugungi muloqot esa ana shu yo‘lda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, Buxoroning ulkan salohiyatini xalqaro maydonga olib chiqish va uni yangi investitsiyaviy hamda sayyohlik imkoniyatlari bilan boyitish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri