Yurt faxri
Vatan sha’ni uchun, shu millat uchun,Shu buyuk el uchun, Ona-yurt uchun,Ajdodlar yodi-yu erku or uchun,Jahon ayvonida jarangdor so‘zdek,Yashil maydon aro to‘p surar o‘zbek.
Yashil maydonlarga boqmish Sharqu G‘arb,
Chin alpday tik turgin raqibga qarab.
O‘zing qo‘llab turgin shunda ham, yo Rab,
Ul olis diyordan xush xabar keltir,
Shu Vatan nomini ellarga bildir.
Ey, go‘zal bu yurtning alp o‘g‘lonlari,
Qancha yillar kutdik bunday onlarni.
Kurashing, kurashing berib jonlarni,
FIFA ayvonlari qalqisin bunda,
Kuy-qo‘shiq yangrasin shu qutlug‘ kunda.
Shiddat, shonlaringga Xudo yor bo‘lsin,
Ko‘ksingni yondirgan olov bor bo‘lsin.
Gollar ur, ey o‘g‘lon zafar yor bo‘lsin,
Shundoq ham tarixni yaratgan sensan,
Bu olam nigohin qaratgan sensan.
Tilagim — qo‘llasin, Xudo yor bo‘lsin,
Xalqim, millatim mangu bor bo‘lsin.
Bosgan qadamlaring nurlarga to‘lsin,
Sen buyuk yo‘ldasan, yo‘ling yorug‘dir,
Bu Vatan sha’nidir, nomi ulug‘dir.
Niyatni pok qilsang, dil bo‘lgay Vatan,
Mehr ber, maysa ham gul bo‘lgay Vatan,
O‘g‘il-qizlarimday azizsan, Vatan.
Ulug‘ marralarni ko‘zlab zafar quch,
Har soniya shondir, shamol bo‘lib uch.
Tillarga tushmagay hech kim mehnatsiz,
G‘oliblik kelmagay hech ham zahmatsiz.
Umidlar ro‘yobi — siz qahramonlarsiz,
Yangi tong muborak, yangi onlardir,
Yangi O‘zbekiston bu, yangi shonlardir.
Xayrulla Xolto‘rayev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi