Milliy liboslarimiz - milliy g‘ururimiz demak
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi va qator hamkor tashkilotlar bilan birga milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimizni asrab-avaylash hamda yoshlar o‘rtasida kiyinish madaniyatini targ‘ib etish maqsadida “Milliy libos – milliy g‘urur” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, milliy liboslarimiz asrlar davomida shakllangan boy tariximiz, madaniyatimiz va urf-odatlarimizni o‘zida mujassam etgan bebaho ma’naviy merosimiz. Ular faqatgina kiyim emas, balki milliy g‘ururimiz va o‘zligimiz ramzi hisoblanadi.

Milliy kiyimlarni kiyish va ularni ulug‘lash orqali milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan hurmatimiz namoyon bo‘ladi.

Tadbir doirasida tumandagi tadbirkor ayollar tomonidan atlas, adras va beqasam kabi milliy matolardan tikilgan liboslar kolleksiyasi namoyish etildi. Shuningdek, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratilgan milliy liboslar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
G.Boboyeva,
O‘zA